Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi «Toshkent» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.

Bu yerda 4 mingdan ortiq aholi yashaydi. O‘ndan ortiq do‘kon, maishiy xizmat shoxobchalari, oshxona va qandolat sexida xotin-qizlar va yoshlar ish bilan band. Ming o‘rinli maktab, musiqa va san’at maktabi, 600 o‘rinli bolalar bog‘chasi bor. Mahalla guzarida tashkil etilgan o‘quv maskanida shu yerlik ishsiz ayollarga tikuvchilik sirlari o‘rgatilyapti.

Ma’lumki, mamlakatimizda mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Shu asosida, Jomboy tumanidagi 38 ta mahallaga ham hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tayinlandi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

Hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari o‘zlari mas’ul mahalladagi o‘rganish natijalari, muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi. Yordamga muhtoj oilalar a’zolari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi, o‘zini o‘zi band qilish uchun imtiyozli kredit va subsidiya berilishi, dehqon xo‘jaligi uchun yer maydonlari ajratilishi aytildi.

Bu yil Jomboyda mahallabay tizim orqali tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash uchun 62 milliard so‘m imtiyozli kredit va 4,5 milliard so‘m subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sportga jalb etish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ham muhimligi ta’kidlandi.