O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun 4-5 fevral kunlari tashrif bilan Pekin shahrida bo‘ladi.

Xitoy poytaxti jahon sporti tarixida ikkala Olimpiadani qabul qilgan birinchi shahar bo‘ladi – 2008 yilda bu yerda XXIX yozgi Olimpiya o‘yinlari hamo‘tkazilgan edi.

Karantin choralariga qat’iy rioya etgan holda 4-20 fevral kunlari o‘tadigan bu galgi o‘yinlarda sportning 15 ta yo‘nalishi bo‘yicha 109 ta medallar to‘plami o‘ynaladi. Bu medallar uchun 90 dan ortiq mamlakat, shu jumladan O‘zbekistondan 4 mingdan ziyod sportchi bellashadi.

Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi 4 fevral kuni Pekindagi “Qush ini” milliy stadionida xorijiy davlatlar va rasmiy delegatsiyalar yetakchilari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tadi.

Tashrif dasturiga muvofiq O‘zbekiston Prezidenti qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.