Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga, ya’ni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umumbashariy g‘oyalarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz. Ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir.

Prezidentimiz raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida bu alohida qayd etildi.

–Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli bo‘ladi. Faqatgina mana shunday zaminga tayangan holda biz yurtimizda Uchinchi Renessans asoslarini barpo eta olamiz,– dedi Prezident.

Mutasaddilarga bu muhim yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirish uchun ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, radikalizm, ekstremizm va terrorizmga, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish bo‘yicha ta’lim muassasalari va mahallalarda yangi tizim yaratish vazifasi topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishi zarurligi qayd etildi.

–Ta’kidlab aytmoqchiman: agar kimki ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat va ma’rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi. Bu – davlatimiz va jamiyatimiz, hamma rahbarlar, ziyolilar, barcha-barchamizning eng asosiy va muhim vazifamizga aylanishi shart,– dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA