Muzeylar xalqning ijtimoiy-ma’naviy hayoti, tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Zotan, muzeylar xalqning muayyan davrlardagi tarjimai holidir.

Unda ma’lum bir elning xalq sifatida shakllanish va taraqqiy etish jarayoni yoki biron hududning qadimiy tarixi va bugungi kuniga qadar davom etgan ijtimoiy hayoti bayon qilinadi. Shu ma’noda, Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyot tarixi davlat muzeyi xalqimizning yozma madaniy-adabiy tarixini kelgusi avlodlarga ham tanituvchi maskanlardan hisoblanadi.

Mazkur muzey qadim davrlardagi qoraqalpoq adabiyoti tarixidan boshlab mustaqillik davriga qadar davom etib kelayotgan xalqimizning adabiy turmushi, mumtoz adabiyoti tarixi, uning ijodkorlari aks ettirilgan eksponatlar bilan boyitilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 20 may “Berdaq (Berdimurod) Qarg‘aboy o‘g‘li tug‘ilgan kunining 170 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshida Berdaq milliy muzeyi tashkil etilib, 2002 yil 1 mart kuni o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 apreldagi “Berdaq nomidagi qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi va Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Berdaq milliy muzeyi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi nomi bilan qayta tashkillashtirildi.

Muzey ko‘rgazmalarining asosiy maqsadi xalqimizning qadim davrlardan bugungi kunga qadar davom etib kelayotgan hayot yo‘lini aks ettiradigan yozma adabiyot namunalarini, mumtoz qoraqalpoq adabiyoti, folklori, qo‘lyozma meroslarini, qoraqalpoq klassik adabiyoti hamda XX va XXI asrlar qoraqalpoq adabiyoti namoyandalari ijodini, xalqimiz tarixida chuqur iz qoldirgan mutafakkirlar, shuningdek, mustaqillik yillarida badiiy adabiyotda erishilgan yutuqlarni aks ettirishdan iborat.

– Muzey fondining asosiy manbai xalqimizning uzoq asrlar mobaynida avaylab-asrab kelgan arab, fors-tojik, turkiy va eski qoraqalpoq tillarida yozilgan qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, madrasalarda foydalanilgan kitoblar, qoraqalpoq mumtoz adabiyoti namoyandalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ular yaratgan asarlarning namunalaridan iborat, – deydi muzey direktori Sharigul Payzullayeva. – Shuningdek, shoir Berdaq yashagan davrga mansub bo‘lgan va qoraqalpoq xalqining o‘tmishidan darak beruvchi maishiy buyumlar, milliy liboslar namunalari, XIX-XX, XXI asr qoraqalpoq adabiyotining rivoji, qardosh xalqlar bilan aloqalari, ilmiy asarlari, tarixiy shaxslar haqidagi suratlar va portretlardir. bugungi kunda muzeyda 6 mingdan ortiq eksponat to‘plangan bo‘lib, ular barcha shahar va tumanlar, qishloqlar va mahallalardan yig‘ilgan, fuqarolarning o‘z uylarida hozirgi kunga qadar ko‘z qorachig‘iday avaylab kelgan turli noyob madaniy ashyolarni muzeyga olib kelib topshirishlari orqali yig‘ilgan bebaho moddiy meros hisoblanadi.

Bular ichida muzey uchun qadrli bo‘lgan bir qator eksponatlar mavjud bo‘lib, ulardan biri muzeyning asosiy fondidan joy olgan madali chopon hisoblanadi. Bu Berdaq shoirning o‘zi kiygan chopon bo‘lib, avlodlaridan biri – Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Amangul Allanova tomonidan muzeyga sovg‘a qilingan. Marmar tosh – “Bag‘ishlov” deb nomlanib, ko‘lami 69×50 sm., qalinligi 10 sm.dan iborat. Toshda 48 qatordan iborat she’riy shakldagi, forsiy tilda bitilgan namuna mavjud bo‘lib, hijriy yil hisobi bilan 1191 yilga (1771-1772 yy.) tegishli. Bu Chimboy tumanidagi “Xon masjidi”ning o‘rnidan topilgan va 2014 yilda muzeyga keltirilgan. Ushbu toshdagi 48 misrada ustozlarga, mudarrislarga, o‘quvchilarga, masjid egalariga har xil topshiriqlar bayon etilgan. Jumladan, “o‘quvchilarning xulq-atvoridan beg‘araz tarzda ustoz uni o‘qitishi, bilim berishi shart” kabi so‘zlar yozilgan.

Muzeyning qo‘lyozma va toshbosma kitoblar fondida hozirgi kunda 300 dan ortiq eski arab tilidagi kitob saqlanmoqda. Ular orasida Berdaqning “Shajara” va “Xorazm” asarlari qo‘lyozmasi, ikki varaqdan iborat Ajiniyoz shoirning “Qiz Meңesh bilan aytishuvi” ham muzey ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. Bundan tashqari, Ajiniyoz shoirning “Foniy dunyoga aytgani” she’rlari va Qudaybergen Jebegen o‘g‘lining “Mardikor” asari qo‘lyozmasi muzeyning asosiy fondidan o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri I.Yusupovning shaxsiy kutubxonasidan 2000 dan ortiq kitob, O‘zbekiston xalq shoiri T.Jumamuratovning uyida saqlanib kelingan yuzdan ortiq buyum, kitob va hujjatlar saqlanadi.

Haqiqatdan ham, muzeylar ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu yerda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak ma’naviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, e’zoz va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga, ularda Vatanimizga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini shakllantira oladigan maskandir. Shu bois, ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lgan muzeylar yosh avlodga xalqimizning qadimiy va boy tarixi, o‘ziga xos madaniyati, istiqlol g‘oyalarini yanada teran anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA