Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida sudlar tomonidan o‘tgan 2021 yil mobaynida odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlarning yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlarining raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi raisining ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish borasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan o‘tgan yili 1872 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 38 foizga ko‘paygan. Hisobot davrida 1240 nafar shaxs sudlangan. Bu ko‘rsatkich Nukus shahrida, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l, Amudaryo, Chimboy, Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Nukus, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida bir qancha ortgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan o‘tgan yil mobaynida oila munosabatlari bilan bog‘liq 3280 ta, bitimlar bilan bog‘liq 10774 ta, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq 901 ta, uy-joy bilan bog‘liq 334 ta, zararni qoplash bilan bog‘liq 280 ta, kommunal to‘lovlarni undirish bo‘yicha 69, yer bilan bog‘liq 36 ta, boshqa mavzudagi nizolar bo‘yicha 593 ta ish ko‘rilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan kelib tushgan 7184 ta da’vo ariza ko‘rilgan bo‘lib, shundan 5895 tasi qanoatlantirildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi va Nukus tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA