Nukusda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, shahar va tuman bo‘linmalari tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish natijalari, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kommunal to‘lovlarini amalga oshirish va boshqa  dolzarb masalalar muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, yil davomida “Mahalla” fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 32904 ta oilaga 19 milliard 660 million so‘mlik yordam ko‘rsatilishi ta’minlangan. Jumladan, Xalq deputatlari kengashlari qaroriga muvofiq 8015 ta ehtiyojmand oilaga kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari, moddiy va boshqa yordamlar uchun jami 3 milliard 579,2 million so‘m mablag‘ ajratildi.

“Temir daftar”ga kiritilgan 12807 ta oilaga 7 milliard 821,5 million so‘m, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 12031 ta oilaga 8 milliard 259,1 million so‘m, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 51 nafar yoshga yordam ko‘rsatish uchun 72 million 100 ming so‘m berildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, shahar va  tuman bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan umumxalq xayriya hasharlari munosabati bilan “Mahalla” fondi hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘larni sarflash taqsimot rejalari asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va bo‘linmalari tomonidan bir yilda jami 605 ta oilaga 89 million 104 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Yil davomida 65 ta fuqarolar yig‘ini 328,2 million so‘mlik kompyuter va printer jamlanmalari bilan, 42 ta fuqarolar yig‘ini 133 million so‘mlik mebel jihozlari bilan ta’minlandi 205 ta fuqarolar yig‘inining 200,7 million so‘mlik kommunal to‘lovlaridan qarzdorliklari to‘landi.

Tadbirda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qayd etildi. Ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Yakunda fondning joriy yilgi ish-rejasiga takliflar bildirilib, o‘tgan yili faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ygan tuman bo‘linmalari rag‘batlantirildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA