Mamlakatimizda sud va qonun ustuvorligini ta’minlashda qator islohotlar amalga oshirilib, ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tomonidan tasdiqlangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish” bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” sohada yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar va sohadagi so‘nggi yangiliklar haqida O‘zA muxbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Gulnora BAZARBAEVA bilan suhbatlashdi.

– Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etilgan mazkur tajriba doirasida qabul qilingan 12 bo‘lim va 70 banddan iborat “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning to‘liq ijrosini ta’minlashga harakat qildik, – deydi G.Bazarbayeva. – Unda nafaqat sudlarning, balki barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifalari belgilangan bo‘lib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritish ta’minlandi.

Uning har bir bo‘lim va bandida Qoraqalpog‘istonda odil sudlovni amalga oshirish, korrupsiyasiz jamiyat qurish borasidagi ishlarni jadallashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, sudlarni jazolavchi organdan – adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan aniq maqsad va vazifa belgilangan. Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus komissiya tarkibi tasdiqlandi.

 

Shuningdek, sud va tergov organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini, sudyalar o‘rtasida gender tenglikni ta’minlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, odil sudlovni amalga oshirishda tergovning sifatini yaxshilash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, soha xodimlarining tajribasini, amaliy ko‘nikmalari va ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilib, mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

– Mazkur yo‘nalishda qilingan ishlarga qisqacha to‘xtalsangiz…

– O‘tgan yil boshidan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov organlari xodimlari bilan birgalikda 5 marta maxsus seminar o‘tkazilgan bo‘lsa, 3 marotaba masofadan, ya’ni onlayn qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi. Ularda surishtiruvchi va tergovchilarga qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash, yagona tergov va sud amaliyotini shakllantirish, sudlar tomonidan jinoyat ishining mazmuni jihatdan ko‘rib chiqilishida tergov organlari tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga qat’iy rioya qilish masalalari batafsil tushuntirildi. Mazkur yo‘nalishda maxsus reja tasdiqlanib, xamkorlikda faoliyat olib borildi.

Bundan tashqari, yosh tergovchilarning sudlarda amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar uning tartibi ishlab chiqildi va o‘tgan 2021 yilning avgust oyidan boshlab tergovchilar belgilangan rejaga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlarida amaliyot o‘tamoqda. Bu amaliyotning joriy etilishi sud, tergov sifatini yaxshilash bilan birga, ma’lum bir jinoyat ishi bo‘yicha aniq va odil hukm chiqarishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sudlar va tergov organlari faoliyatining shaffofligi, ochiqligini ta’minlash maqsadida joylarda muntazam ravishda profilaktika inspektorlari bilan birgalikda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari, davra suhbatlari, seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazilib, ular ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommaga yetkazib borildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarlikni aniqlash emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan omillar bilan kurashish ahamiyatlidir. Mazkur yo‘nalishda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Har haftaning payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb belgilanib, unda aholining huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda tutgan o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan suhbatlar tashkil etilib, unda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat yuz bergan hududlarning o‘zida muhokama qilindi. Bunday jinoyatlar kelgusida sodir etilishining oldini olish maqsadida fuqarolar yig‘inlariga aniq maqsadga yo‘naltirilgan profilaktik targ‘ibot–tashviqot tadbirlari muntazam olib borilmoqda.

– “Yo‘l xarita”da gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilangan. Uning ijrosiga ham to‘xtalib o‘tsangiz…

– Gender tenglik insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga qaraganda, bu faktor eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning omili. Faqatgina erkaklardan iborat jamoaga nisbatan xotin-qizlar teng bo‘lgan joyda, agar aqliy mehnat bilan band bo‘lsa, bir necha barobar yuqori natijaga erishilar ekan. Bundan tashqari, gender tenglik – bu davlatning demokratik rivojlanish darajasini ko‘rsatadigan indikator hisoblanadi.

Shunday ekan, bugungi kunda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash, ularning davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, xotin-qizlarni rahbar lavozimlariga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan. Buni boshqa sohalar kabi sud tizimida ham ko‘rish mumkin.

Xususan, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 68 nafar sudya faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 17 nafari ya’ni 25 foizini xotin-qiz tashkil etadi. Sudyalar orasida gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, yurist xotin-qizlarning ruyxati shakllantirilgan. Bundan tashqari, yuridik ta’lim muassasalari bitiruvchi qizlarini sud tizimida ishlashga qiziqtirish, ularning bu kasbga bo‘lgan mehri va qiziqishini orttirish maqsadida muntazam ravishda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

– Sud tizimining ochiq-oshkoraligini ta’minlash, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalsangiz?…

– Ilgari sud yopiq muassasa sifatida tanilgan bo‘lsa, bugungi kunda haqiqiy ma’noda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiladigan organga aylandi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Sudlar va tergov organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi, shaffofligini ta’minlash borasida sudyalar fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Yuridik va jismoniy shaxslarning sudlarning faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘z vaqtida olishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultant lavozimi joriy etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining t.me/QRSUDI hamda qoraqalpogiston.sud.uz veb-sayti tashkil etildi.

Ochiq sud majlislarini albatta taraflarning roziligi bilan video, audio va to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya etish imkoniyati berildi. Bundan tashqari, soha ishlarining ochiqligini ta’minlash va fuqarolarni asosli ma’lumotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sud raislarining ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari uchun har chorakda bir martaba onlayn brifinglar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga quyildi.

Shuningdek, Prezidentimizning qarori bilan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlarini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab sudlarda sud majlislarini taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan (audiofiksatsiya) foydalangan holda yuritish, sud majlisining bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish, apellyatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomat taqsimlash, 2021 yilning 1 oktyabridan boshlab barcha sud majlislarining vaqti va joyi haqida ishtirokchilarni SMS xabar orqali bepul xabardor qilish amaliyoti joriy etildi.

Sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga interaktiv xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga quyildi. Xususan, fuqarolarning “og‘irini yengil, mushkulini oson qilish” maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari, shahar va tuman sudlarining binolarida “Aholiga bepul huquqiy yordam” xonalari tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonalarida “Sud burchaklari” tashkil etilgan bo‘lib, ular kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlangan.

Xulosa qilib aytganda, 2020 yilning noyabr oyida tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash muddati o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z yakuniga yetdi. Uning ijro muddati tugagani bilan belgilab olgan yo‘nalish va vazifalarning ijrosi davom etmoqda. Bu yo‘lda sudyalar o‘zlarining bilim va tajribasini tayyor.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA