O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar bugun o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

 Bu o‘z o‘rnida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarining soddalashtirilishi, ularga ketadigan vaqtning qisqarishi bilan bir qatorda sifat darajasining ortishiga zamin yaratmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan 2021 yil davomida boshqarma tomonidan qiymati 431 million AQSH dollaridan ortiq mahsulot eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirildi. Umumiy qiymati 646,66 million AQSH dollarini tashkil etuvchi Orolbo‘yi tashqi savdo aylanmasining 66 foizi tovarlar eksportiga to‘g‘ri keladi.

Hududdan asosan polietilen, ip-kalava, farmatsevtika mahsulotlari, paxta tolasi, artemiya sistasi, oziq-ovqat, kimyo sanoati, kunjut, propilen, qizilmiya ildizi va uning ekstrakti, kalsinirlangan soda hamda teri mahsulotlari dunyoning Turkiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Latviya, Ukraina, Qirg‘iziston va Iroq kabi bir qator davlatlariga eksport qilindi.Texnologik asbob-uskunalar, kimyo sanoati mahsulotlari, yog‘och va taxta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari, neft va neft maxsulotlari kabi umumiy qiymati 215,45 million AQSH dollariga teng mahsulot boshqarma tomonidan import bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona organlarining o‘z fiskal vazifalarini amalga oshirish doirasida bojxona to‘lovlaridan 334 milliard 511 million so‘m pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tadbirkorlik sub’ektlariga raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali eksport hajmini oshirish va importni optimallashtirish yo‘lida bir qancha imtiyoz va imkoniyatlarni o‘zida aks ettiruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilmoqda. Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida, bojxona organlari tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida TIF qatnashchilariga jami 268 milliard 600 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz qo‘llanildi.

Hisobot davrida bojxona sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishi bilan bog‘lik 381 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qiymati 15 milliard 858 million so‘mlik tovar-moddiy boylik ashyoviy dalil tariqasida ushlab qolindi. Shundan, jami 14 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Boshqarma xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari, qurol-aslaha va o‘q dorilarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishda ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, o‘tgan yil davomida 102,35 gr.“opiy” 119,42gr. “marixuanna”, 53,41 gr. “gashish” 6 tup “kannabis”, 1,83 gr. giyohvandlik o‘simlik urug‘i, 4201 ta “Tramadol” tabletkasi, 222 ta “Tropikamid” flakon, 314 kapsula “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi vosita, shuningdek, 52 dona psixotrop tabletka aniqlandi.

O‘qotar sovuq qurollar toifasidan 6 dona o‘q-dori, 2418 dona gilza, 1,15 kilogramm droblarning noqonuniy tarzda bojxona chegaralari orqali kirib kelishi va noqonuniy aylanmasining oldi olindi, tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, mazkur davr mobaynida jami 15 holatda 37242 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishi va uning ichki hududda noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA