“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi bosh direktori J.Mustafayev tomonidan ishchi xodimlarning talab va takliflarini o‘rganish, ularning dardlarini tinglash hamda muammolarini imkon darajasida joyida xal etish maqsadida muntazam sayyor qabul o‘tkazib kelinmoqda.

Ularda nafaqat korxona ishchi-xodimlari, balki “Elobod” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi ham ishtirok etib, o‘z muammolari hamda takliflarini bildirmoqda.

Sayyor qabul davomida 29 fuqaro uy joy masalasi bo‘yicha murojaat qildi. Ularning murojaati bo‘yicha “Elobod” shaharchasida yangi ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga 18,5 gektar ajratish bo‘yicha xat chiqarildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan yer ajratish,  o‘lchash, platformaga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, qurilishi tugallanmay qolib ketgan 18 xonali uy-joy bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, oxiriga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

2021 yilda o‘tkazilgan sayyor qabullarda 70 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlash, 3 nafari davolanish, 2 nafar fuqaro farzandlarining shartnoma pullarini to‘lab berish, 20 nafar ishchi-xodim moddiy yordam, 9 nafari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha murojaat qildi. Ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi.

Har bir murojaatda inson taqdiri mujassam. Shunday ekan, ularning yechimi korxona rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olingan.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA