Pensionerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat oldidagi eng jiddiy masalalardan biri hisoblanib, har ikki tomon uchun ham bu muhim mavzudir.

Yurtimizda 4 million nafarga yaqin pensioner va nafaqa oluvchilar mavjud bo‘lib, ularning aholi sonidagi ulushi 11,5 foizni tashkil qiladi. Shundan 3 million 493 ming nafari pensiya va 422 ming nafari ijtimoiy nafaqa oluvchilardir.
Pensiya jamg‘armasi  boshqarma boshlig‘i  Farrux Pardayev bilan suhbatimizda fuqarolardan kelib tushayotgan bugunning dolzarb savollariga mutaxassis tomonidan javob berildi va  sohaga oid  ayrim ma’lumotlar taqdim  etildi.

– Mamlakatimizda  pensiyaning uchta turi mavjud bo‘lib, bular yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi va  boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasidir, – deydi F.Pardayev. – Belgilangan tartibga ko‘ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi.

Nogironlik pensiyalari belgilangan tartibda tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari  tomonidan I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi. Shaxs vafot etsa, uning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, yoshga doir pensiya umrbod tayinlanadi.

– Mavsumiy ishlovchilarning pensiyasi qanday hisoblanadi?

– Sanoatning mavsumiy tarmoqlariga oid korxonalar va tashkilotlarda band bo‘lgan xodimlarning to‘liq mavsum mobaynidagi ishi bir yil ishlagan deb, to‘liq mavsum davomida ishlamagan bo‘lsa, haqiqiy ishlagan davri hisobga olinadi.

Paxta tozalash sanoati korxonalaridagi ishlar, sanoatning qand-shakar va konserva ishlab chiqarish tarmoqlari korxonalaridagi ishlar, tut ipak qurti parvarishlash va tut nihollari va tut ko‘chatlari yetishtirish  kabi ishlar mavsumiy ishlar hisoblanadi.

Mavsumiy ishlarda band bo‘lgan xodimlarga pensiyalar tayinlashda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’i nazar, mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yili davomidagi istalgan ketma-ket besh mavsumdagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.

– Qanday hollarda pensiya miqdori qayta hisoblanmaydi?

– Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblashning imkoni mavjud emas.

Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga to‘lganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqilmaydi.

– Kimlar  umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin?

– Oxirgi ish joyidan qat’i nazar, urush nogironlari va mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodimlar  belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda  ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga to‘g‘ri kelganda  erkaklar ish staji kamida 25 yil bo‘lib, bundan kamida 12 yilu 6 oy deya hisoblangan. Ayollar ish staji kamida 20 yil bo‘lib, bundan kamida 10 yili ko‘rsatib o‘tilgan ishlarga to‘g‘ri kelishi lozim.
Mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda erkaklar kamida 6 yilu 3 oy, ayollar kamida 5 yil ishlagan xodimlarga ushbu pensiya yoshi erkaklarning bunday ishdagi har 2 yilu 6 oyi uchun va ayollarning bunday ishdagi har 2 yili uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi.

Bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda, basharti, ayol o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni ular 8 yoshga to‘lguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ular haqiqiy farzandlar bilan teng ravishda hisobga olinadi.

Nogiron bolalar uchun ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, «Mehribonlik» uylari, harbiy akademik litseylar, tarbiya koloniyalari o‘qituvchilari — maxsus ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ixtisoslashgan tibbiy muassasalarning shifokorlari va o‘rta tibbiy xodimlari — maxsus ish staji qishloq joyda kamida 25 yil va shaharlarda kamida 30 yil bo‘lgan taqdirda,   qariyalar, nogironlar va yolg‘iz fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda bevosita band bo‘lgan ijtimoiy xodimlar erkaklar  maxsus ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda va  ayollar  maxsus ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA