Taniqli adabiyotshunos olim, o‘zbek adabiy tanqidchiligining yetakchi namoyandalaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Baxtiyor Nazarov 77 yoshida vafot etdi.

B.Nazarov 1945 yil 17 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1966 yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, mehnat faoliyatini maktab o‘qituvchiligidan boshladi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti) aspiranturasida ta’lim oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining 55 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston ensiklopediyasi tahririyati muharriri, Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi, bosh ilmiy xodimi, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri, ilmiy kotibi, direktori, Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi ilmiy kotibi, bosh ilmiy kotib o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi.

O‘zbek adabiy tanqidchiligining ilmiy asoslarini yaratish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib borib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, uning rahbarligida 10 nafar fan doktori va 20 dan ziyod fan nomzodlari tayyorlangan.

B.Nazarovning XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonga oid ilmiy ishlari, darsliklari, o‘nlab monografiya va risolalari, 200 dan ortiq ilmiy maqolalari zamonaviy o‘zbek adabiyotining badiiy saviyasini baholashda o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Akademik B.Nazarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Baxtiyor Nazarovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, B.Yo‘ldoshev, S.Saidov