O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehnat huquq inspektori aralashuvi bilan o‘tgan 2021 yilda sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari tomonidan qilingan murojaatlar asosida sudga da’vo ariza kiritilib, jami 238 nafar xodimning huquqlari tiklangan.

Ular foydasiga jami 1 milliard 515 million 720 ming so‘m miqdorida pul mablag‘lari undirigan.O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehnat huquq inspektori Zulxander Dauletovning ta’kidlashicha, Chimboy tumani tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritib kelayotgan jami 168 nafar tibbiyot xodimiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda ishtirok etganligi uchun, ya’ni 2020 yil 20 avgustdan 24 noyabr kunlari davomidagi mehnatlari uchun rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshirilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 sentyabrdagi 583-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ob’ektlarida hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga maxsus rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lash tartibi to‘g‘risida” gi Nizom talablari bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar joylashgan muassasalarda faoliyat olib borayotgan tibbiyot va boshqa xodimlar hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlariga ishlagan davri uchun ish yuklamalarini inobatga olgan holda ularning tarif stavkalariga 200 foiz miqdorida, shuningdek, anesteziolog-reanimatolog vrachlarga 1,2 koeffitsiyentga oshirilgan holda maxsus ustamalar to‘lab berilishi belgilangan.

2021 yil sentyabr oyidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanlararo sudi hal qiluv qaroriga asosan 168 nafar xodimga jami 1 milliard 477 million 766 ming so‘m miqdoridagi maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari to‘liq undirib berildi. Undan tashqari, tibbiyot sohasida amalga oshirilmay kelinayotgan har xil to‘lovlar ham mehnat huquqi inspektori aralashuvi bilan hal qilindi. Jumladan, 2021 yil davomida 26 ta tashkilotga kiritilgan ko‘rsatmalar asosida xodimlar hisobiga jami 324 million 492 ming so‘m miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lab berilishi ta’minlandi.

Ye.Qanoatov, O‘zA