O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy targ‘ibot bo‘limi tomonidan “Yangi O‘zbekistonning 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasiga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi.

Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, tegishli vazirlik va mutasaddi tashkilotlar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Nukus shahar Kengashi deputatlari, ZOOM dasturi orqali tuman kengashi xodimlari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bir g‘oya va maqsad atrofida jipslashib kelayotgan O’zLiDePning siyosiy kuch sifatida faoliyatiga, ayniqsa, o‘tgan besh yil mobaynida Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida ustuvor vazifalarga ahamiyat qaratilmoqda. Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lib, unda jami 94 ta maqsadli vazifa qamrab olingan hamda kelgusi 2022-2026 yillar davomida mamlakatimizdagi deyarli barcha sohalarni har tomonloma isloh qilish va yanada rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar belgilangan.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini yanada ulug‘lash, aholi farovonligini yuksaltirish g‘oyasi mujassam ekanligi alohida ta’kidlandi. Mazkur loyihaning 3 ta yo‘nalishi partiyaning maqsad vazifalariga hamohang bo‘lib, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni qamrab olgan. Bu esa partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatiga to‘liq xizmat qilishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, loyihada xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliya tugatilishi, bunda 2022 yilda – 14 ta, shu jumladan aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish, sertifikatlashtirish xizmatlari, 2023-2025 yillarda – 11 ta, neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarida tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish va utilizatsiya qilish, qayta ishlash xizmati, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlarida monopoliya tugatiladi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, deputatlar va faollar o‘zlarining taklif va fikrlarini bildirib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlanganini ta’kidladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA