Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligi, mehnatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ta’lim, ilm-fan, texnika, san’at va sportga jalb etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar ta’minoti uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi.

Nizomga ko‘ra, nutqidagi og‘ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);

– eshitishdagi og‘ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik);

– ko‘rishdagi og‘ir nuqsonlar (ko‘zi ojizlar, bir ko‘zi soqqasi yo‘qligi (anoftalm), ambliopiya va g‘ilay bo‘lgan zaif ko‘radiganlar);

– tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqa, bo‘g‘imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo‘yin, ko‘krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformatsiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a’zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar serebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tug‘ruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a’zolarining barcha patologiyalari (gemiparez, paraparez, monoparez va shu turdagi plegiyalar); poliradikulonevritlar va ularning asoratlari);

– psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy orqada qolish, aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning yengil darajasi);

– murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi) va sil kasalligining ilk ko‘rinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan (xo‘jalikdan) bo‘lib aloqada bo‘lganlar, tubviraj);

– sil kasalligidan keyingi tiklash davridagi kasallikka chalingan bolalar uchun bog‘cha puli talab etilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bog‘chalarda bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi. Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli bog‘cha ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati har o‘quv yilining 25 sentyabr kuniga qadar tasdiqlanadi.

Ro‘yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta’minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA