O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlar bilan ulug‘ alloma va sarkardalar yurti bo‘lmish saxovatli Qashqadaryo zaminida ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Bugun, Yangi yil arafasida mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan ulkan voqeaga guvoh bo‘lish barchamizga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi.

O‘z bag‘rida noyob boyliklarni asrab kelayotgan G‘uzor tumanida suyultirilgan sintetik mahsulotlar ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirilmoqda. Albatta, bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, yakunlanayotgan 2021 yilning o‘zida mamlakatimizda qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, “Navoiyazot”da – ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqaradigan majmualar, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida – beshinchi va yettinchi gidrometallurgiya zavodlari, Karmanada – birinchi quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Respublikamiz bo‘yicha elektr energiyasi hisobini yuritish va nazorat qilish tizimi ish boshlagani ham ana shunday katta ishlarimiz qatoriga kiradi.

Bugun ishga tushirilayotgan zavod o‘zining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan ana shu loyihalardan alohida ajralib turadi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar (2 ta), Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Ushbu majmua qurilishida bir vaqtning o‘zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchi-quruvchilar qatnashgani bu yerda qisqa muddatda naqadar keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda ishlab chiqarilgan 10 mingdan ziyod uskunalar o‘rnatildi.

Ishlab chiqarishga doir texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qo‘llash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olindi. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob ekanini alohida ta’kidlash lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu zavod mamlakatimizda va umuman, mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik korxonadir. Yangi O‘zbekistonning qudratli iqtisodiy salohiyati aynan mana shunday majmualarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Quyidagi raqamlar ham shundan dalolatdir.

Majmuada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Ushbu mahsulotlar hisobidan yiliga 500 million dollarlik import o‘rni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va byudjetga 2 trillion so‘mlik soliq tushumlari tushishi ta’minlanadi.

Alohida ta’kidlash kerak, biz 300 million dollarlik gazni qayta ishlab, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiramiz. Buning uchun to‘la asosimiz bor. Chunki bu yerda ishlab chiqarilgan aviakerosin boshqa zavodlar mahsulotiga nisbatan juda toza va sifatli bo‘lib, eng zamonaviy samolyotlarga mo‘ljallangani uchun unga hamisha talab yuqori hisoblanadi.

Zavodda ishlab chiqariladigan dizel yoqilg‘isi ham kamida “Yevro-6” standartlariga javob beradigan bo‘lib, mintaqamizda bunday toza mahsulot ishlab chiqaradigan korxona umuman mavjud emas. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu mahsulotlar hisobidan respublikada aviatsiya xablarini tashkil etish hamda yuk tashishda xizmat qiladigan yirik logistika kompaniyalarini rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.

Yana bir muhim jihati shundaki, zavodni elektr energiyasi bilan ta’minlashda ham innovatsion yechimlar qo‘llangan. Ya’ni, texnologik jarayonlarda hosil bo‘ladigan bug‘ hisobidan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, zavod o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydi.

Bu yerda ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. Texnologiyalarni boshqarish, monitoring va xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim jarayonlarga inson omili ta’siri juda kam darajada.

Shu o‘rinda bugun GTL texnologiyasiga butun dunyoda talab kun sayin ortib borayotganini qayd etib o‘tmoqchiman. Shu bois AQSH, Kanada, Norvegiya va boshqa qator davlatlarning yetakchi kompaniyalari ham ana shunday loyihalarni amalga oshirishga kirishmoqda.

Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030 yilga borib 2 barobar o‘sadi.

“Uzbekistan GTL” zavodi mahsulotlaridan xomashyo sifatida foydalangan holda, yanada yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor. Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo‘shimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 620 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. O‘z navbatida, bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, tekstil, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.

Yana bir muhim jihat – zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlar jahondagi eng yuqori ekologik talablar, norma va standartlarga to‘liq javob beradi. Ana shu zavodni ishga tushirish orqali biz “yashil iqtisodiyot” sari yana bir jiddiy qadam qo‘ymoqdamiz.

“Uzbekistan GTL” zavodida foydalaniladigan yoqilg‘i boshqa an’anaviy yoqilg‘ilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan yiliga 13,5 ming tonna – shunga e’tibor bering – 13,5 ming tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biz uchun yana bir o‘ta muhim tomoni shundaki, zavod ishga tushganidan keyin jami 1 ming 300 nafar mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Zavodning qurilishi mahalliy quruvchi va muhandislarning yangi avlodini tayyorlashga zamin yaratib, ularga eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini bergani ham g‘oyat ahamiyatlidir. Ana shu tajriba kelgusida mamlakatimizda yangi sanoat ob’ektlarini o‘z kuchimiz bilan barpo etishda albatta juda kerak bo‘ladi.

Meni quvontiradigan yana bir jihat – zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi o‘zimizning mahalliy kadrlar, xususan, yangicha ishlashga chanqoq, azmu shijoatli yoshlarimizdir.

Bu yoshlar – Yangi O‘zbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, bu yo‘lda “oltin fond”imizga aylanadi, deb ishonaman.

Biz buning uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Avvalo, Qashqadaryoda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishni yangicha yondashuv asosida tashkil etamiz. Bunda hududdagi barcha kasb-hunar markazlarini “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash va yangi “Uzbekistan GTL” zavodlariga biriktiramiz. Ular o‘z sohalari uchun kadrlar tayyorlashning yangi maydonini tashkil etadi.

Endi ushbu korxonalarning rahbarlari viloyatda neft-gaz va kimyo sanoatining istiqbolli yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlash rejalarini belgilaydi, kasb-hunar markazlarining o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikasini zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida qayta ko‘rib chiqadi, o‘qish jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lab, har bir o‘quvchining o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bevosita zavodlarda amaliyot o‘tashini tashkil etadi. Bunda, ayniqsa, yoshlarni yangi o‘rnatilgan murakkab uskunalarda ishlash, ularni avtomatlashgan holda boshqarish, texnolog, argon payvandlash kabi zamonaviy kasb va malakalarni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi. Ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi, zamonaviy dasturiy ta’minot va simulyatorlar olib kelinadi.

Hurmatli vatandoshlar!

Barchamizga yaxshi ma’lumki, mamlakatimizdagi birinchi neft-kimyo korxonasi bo‘lgan “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi 20 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda.

Fursatdan foydalanib, o‘zining fidokorona mehnati bilan Vatanimizning iqtisodiy mustaqilligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasining 4 ming kishilik jamoasini ushbu qutlug‘ sana bilan chin qalbimdan tabriklab, ularning barchasiga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Ushbu majmuada o‘tgan 20 yil davomida 78 milliard metr kub gaz qayta ishlanib, 2,4 million tonna polietilen, 4 million tonna suyultirilgan gaz va kondensat kabi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Shundan respublikamiz sanoat korxonalariga 1,6 million tonna polietilen yetkazib berilib, qariyb 2 milliard dollarlik import qisqartirilgan. Shu bilan birga, 900 million dollarlik 800 ming tonna polietilen eksport qilingan.

bugungi kunda “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi Qashqadaryo viloyati hududiy mahsulotining 8 foizini, sanoatining 17 foizini ta’minlamoqda.

Umuman, ushbu majmua mamlakatimizda gaz-kimyo va polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi rivojiga, minglab kichik sanoat korxonalarini barpo etishga asos bo‘ldi. Masalan, tayyor plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradigan kichik korxonalar soni qariyb 1 ming 700 taga yetdi. Har bir korxonada o‘rtacha 10 tadan ishchi o‘rni yaratilib, kamida 17 ming nafar aholi ish joyi bilan ta’minlangan.

Bugun sizlar bilan birga “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini 3 barobar kengaytirish imkonini beradigan yana bir yangi majmua qurilishiga start beramiz. Yangi quriladigan ushbu korxonada “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobidan yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi. Yana mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Natijada qo‘shimcha 550 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

O‘z navbatida, ana shu mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash orqali 2 barobargacha ko‘p iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Misol uchun, 100 million dollarlik polimerlardan elektrotexnika, qurilish materiallari, avtomobil sanoati va boshqa sohalarda yiliga qo‘shimcha 200 million dollarlik xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, plastmassa va har xil turdagi qadoqlash buyumlari, suv ta’minoti uchun quvurlar ishlab chiqarish ko‘payadi. Ya’ni, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaradigan yana kamida 1 ming 200 ta yangi xususiy korxona va 12 mingta ish o‘rni tashkil etilishi uchun asos yaratiladi.

Ushbu yangi loyihaning qiymati 1,8 milliard dollarga teng bo‘lib, uni moliyalashtirish uchun Rossiyaning “Gazprombank”i, Yevropaning “Doychebank”, “Landesbank” kabi banklari, Xitoyning Davlat taraqqiyot banki va boshqa banklardan mablag‘lar jalb etiladi.

Ana shu ikkita yangi zavod hisobidan Sho‘rtan majmuasida respublikamizning birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinadi. Ushbu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025 yilda 1,8 milliard dollarga yetkaziladi, ya’ni, 6 barobar oshadi.

“Uzbekistan GTL” zavodi va yangi quriladigan majmua hisobidan yurtimizda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash darajasi qariyb 2 barobar ko‘payib, hozirgi 8 foizdan 14 foizga yetadi. Shuningdek, respublikamizda polimer mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ham 2 barobar ko‘payadi.

Ushbu klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xomashyodan, 10 dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar yaratadi.

Yangi majmualar nafaqat o‘zining mahsuloti, balki sanoatning boshqa sohalarida ishlab chiqariladigan 100 million dollarlik butlovchi va ehtiyot qismlar uchun ham bozor shakllantiradi. Shu bilan birga, mazkur klasterda mehnat qiladigan yangi ishchilar o‘z turmush ehtiyojlari uchun hududdagi xizmatlar sohasi rivojiga hissa qo‘shib, kamida yana 100 milliard so‘mlik talabni yaratadi.

Umuman olganda, yangi klaster ishga tushishi natijasida O‘zbekiston sanoati texnologik jihatdan bir necha qadam ilgarilaydi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Yangi klaster korxonalari nafaqat neft-gaz-kimyo sohasi, balki respublikamizning barcha sanoat tarmoqlari uchun texnologik va loyihalashtirish yechimlari va standartlari, zamonaviy boshqaruv va IT texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha yaqqol namuna bo‘ladi. Biz bu orqali mazkur zamonaviy majmua atrofida yangi yuqori texnologik xizmatlar tizimini tashkil qilamiz.

Albatta, yangi korxonalar ilm-fan va innovatsiyalar uchun ham samarali maydonga aylanadi.

“Sho‘rtan gaz-kimyo” klasteridagi zamonaviy laboratoriya va joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar yosh olimlar uchun ilmiy izlanishlarni olib borish hamda yangi innovatsion mahsulotlar va texnologik jarayonlarni yaratishga katta imkoniyat beradi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Ushbu yangi majmualarning ishga tushishi, hech shubhasiz, Qashqadaryo viloyati iqtisodiyoti rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Vohada sanoat ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobar oshadi, yalpi hududiy mahsulot esa 7 foizga o‘sadi. Bu esa Qashqadaryo viloyatining umumiy eksport ko‘rsatkichini 2 barobar ko‘paytirish imkonini beradi.

Ochig‘ini aytish kerak, Qashqadaryo viloyati juda boy xomashyo resurslariga ega bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p yillar davomida uning tayyor sanoat mahsuloti ishlab chiqarishdagi hissasi past bo‘lib qolayotgan edi. Shuning uchun oxirgi yillarda viloyatda mahalliy sanoatning to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarida qiymati qariyb 9 trillion so‘mlik 1 ming 700 taga yaqin loyihalar ishga tushirildi. Natijada so‘nggi uch yilda viloyatda tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,3 barobar oshdi.

Kelgusi yillarda ham Qashqadaryo viloyatini barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarni ishlab chiqqanmiz. Xususan, neft-gaz sohasida qiymati 140 million dollar bo‘lgan yana 3 ta loyiha amalga oshiriladi. Misol uchun, Muborak gazni qayta ishlash zavodida 135 million dollar evaziga oltingugurt olish qurilmasining quvvati tiklanadi.

Energetika sohasida 1,3 milliard dollar investitsiyalar hisobidan jami 1 ming 250 megavattga teng elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar barpo etiladi. Misol uchun, G‘uzor tumanida 2025 yilda quvvati 300 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi. Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida har biri 900 megavatt quvvatga ega bo‘lgan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmasi ishga tushiriladi. Oqsu daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan 3 ta kichik gidro elektr stansiyasi barpo etiladi. Ushbu yangi quvvatlar yiliga 8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 1,6 milliard metr kub tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Shu bilan birga, viloyat uchun “drayver” bo‘lgan mahalliy sanoat tarmoqlariga 900 ga yaqin loyiha doirasida 2,7 milliard dollarlik investitsiyalar faol jalb qilinadi. Jumladan, Nishon, Kasbi, Mirishkor va Yakkabog‘ tumanlarida – to‘qimachilik, Kitob, Qamashi, Dehqonobod va Chiroqchi tumanlarida – qurilish materiallari, Mirishkor, Kitob tumanlari va Qarshi shahrida – charm, elektrotexnika sanoati, Shahrisabz shahri va Qarshi tumanida – mebel, Chiroqchi, Nishon va Koson tumanlarida – oziq-ovqat sanoati bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

bugungi tadbirimizda qatnashayotgan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi barcha elchilari ham Qashqadaryoda yangi loyihalarni amalga oshirishga faol hissa qo‘shishlari uchun jalb qilindi. Buning uchun ular oldindan viloyatga kelib, shahar va tumanlarning ixtisoslashuvini, mavjud imkoniyatlarni, qanday istiqbolli loyihalar kerakligini o‘rganishdi. Endi ular bu loyihalarda ishtirok etish va boshqa yangi loyihalarni ishlab chiqish uchun o‘zlari elchilik qiladigan davlatlardan xorijiy hamkorlarni va zamonaviy texnologiyalarni jalb etadi.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Ishonchim komil, barpo etilayotgan yangi gaz-kimyo klasteri mamlakatimiz sanoati rivojiga qudratli turtki berib, uning yuksalishiga katta hissa qo‘shadi.

Umuman, mamlakatimizda zamonaviy sanoatni shakllantirishda biz kimyo va neft-gaz kimyosi sohalari asosiy “drayver”lardan bo‘lishi uchun amaliy rejalarni belgilab olganmiz.

So‘nggi besh yilda bu sohalarda 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, yiliga jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 450 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, agar bu tarmoqqa oldin faqat davlat sarmoya kiritgan bo‘lsa, oxirgi yillarda esa sohaga xususiy sektor to‘g‘ridan-to‘g‘ri faol kirib kelmoqda. Masalan, “Navoiyazot”da – Avstriya, Germaniya, Xitoy va Turkiya, Toshkent viloyatida – Rossiya kompaniyalari yangi loyihalarni boshladi. Shuningdek, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” zanjiri doirasida yuqori qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent, Navoiy, Farg‘ona, Buxoro viloyatlarida va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasterini tashkil etishni boshladik.

Mazkur klasterlarda kelgusi yillarda umumiy qiymati 8 milliard dollar bo‘lgan 60 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar hisobidan yiliga 180 turdagi 5 milliard dollarlik yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 1,2 milliard dollarlik mahsulot eksporti hamda 5,5 trillion so‘mlik byudjet tushumlari ta’minlanadi. Eng muhimi, qo‘shimcha 15 mingtadan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Aziz do‘stlar!

To‘g‘risi, biz “Uzbekistan GTL” zavodi loyihasini boshlaganimizda ko‘pchilik buni uddalashimizga shubha bilan qaragan edi. Lekin biz qat’iy intilish va mashaqqatli mehnatimiz bilan, barchamiz birgalikda murakkab sinov va qiyinchiliklarni yengib o‘tib, mana shunday yangi va zamonaviy, yuqori texnologik majmuani barpo etishga erishdik. Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida xorijdan mutaxassis va uskunalar keltirish, qurilish maydonida 10 mingdan ortiq ishchining sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash albatta oson bo‘lgani yo‘q. Ammo hamjihatlik bilan o‘z vaqtida amalga oshirgan zarur chora-tadbirlarimiz natijasida ushbu muhim loyiha bo‘yicha ish pandemiya davrida ham biror kun to‘xtamadi.

Mehnatkash, serg‘ayrat va fidoyi quruvchi va muhandislar, tajribali mutaxassislar, minglab matonatli ishchilar karantin talablariga qat’iy amal qilib, uzoq vaqt oilasi, yaqinlaridan olisda ishlab, haqiqiy qahramonlik namunasini ko‘rsatdi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, “Uzbekistan GTL” zavodi qurilishida munosib ishtirok etgan barcha mutaxassislar, fidoyi quruvchi, muhandis va loyihachilar, hurmatli xorijiy hamkorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Mazkur ulkan loyihaga Xitoy davlat taraqqiyot banki, Koreya Eksimbanki, Koreya eksport kreditlarini sug‘urtalash korporatsiyasi, “Gazprombank”, “RosEksimbank” singari obro‘li xorijiy moliyaviy tashkilotlar munosib hissa qo‘shganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etgan va bugungi tadbirimizda qatnashayotgan mehmonlarimiz – “Air Products” kompaniyasi prezidenti janob Seyfi Gasimiga, “Hyundai engineering” kompaniyasi prezidenti janob Kim Chang Xagga, “Gazprombank” boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari janob Aleksey Matveyev va janob Tigran Xachaturovga, “EKSAR” kompaniyasi bosh direktori janob Nikita Gusakovga, shuningdek, “Sasol Energy”, “Chevron”, “Haldor Topsoe” kompaniyalari va boshqa xorijiy hamkorlarimizga, quruvchi va pudratchilar, ishchi-xodimlarga “Uzbekistan GTL” zavodini barpo etishdagi faol ishtiroki va yaqindan qo‘llab-quvvatlaganlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

“Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasi quvvatini kengaytirishga qaratilgan loyihani amalga oshirishda sizlarga ulkan zafarlar tilayman.

Qadrli do‘stlar!

“Uzbekistan GTL” zavodi va “Sho‘rtan gaz-kimyo” majmuasini kengaytirish bo‘yicha loyihalar Yangi O‘zbekistonda yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi ilk yirik qadamlarimizdan biridir.

Ishonchim komilki, sizlar bilan birga kelgusida bu borada iqtisodiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan, uning raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan yana ko‘plab yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiramiz.

Biz qancha og‘ir bo‘lmasin, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish yo‘lida marrani baland olib ishlash va yashashga o‘rgandik.

Ana shunday ulug‘ maqsadlarga qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, yangi bilim va texnologiyalarni egallab, barchamiz birgalikda harakat qilib, albatta erishamiz.

Yangi yil ostonamizda eshik qoqib turgan ushbu quvonchli lahzalarda, barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga, sanoat sohasining jonkuyar va fidoyi ishchi-xodimlariga chuqur ehtirom bilan ta’zim qilaman.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni, jumladan, hurmatli xorijiy mehmonlarimizni, yangi zavodni ishga tushirishga munosib hissa qo‘shgan barcha quruvchi va hamkorlarimizni kirib kelayotgan yangi – 2022 yil bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Yangi yilda mana shunday quvonchli kunlarimiz yanada ko‘p bo‘lsin!

Katta rahmat sizlarga.

Doimo sog‘-omon bo‘linglar!