Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi yirik sanoat loyihalari, ijtimoiy soha faoliyati bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.

Keyingi yillarda shahar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan rivojlanib bormoqda. Yangi korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari ishga tushmoqda. Bu o‘zgarishlarning “drayveri” – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi yillarda ilmga va texnologiyaga katta mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bo‘yicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Olmaliqqa tashrifi chog‘ida, avvalo, mazkur kondagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham shunga yarasha salmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan qazib olish quvvatiga ega. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda.

Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida axborot berildi.

Bu yerda ish boshlangan 2017 yilda yiliga 3 million kub metr kon ishlari bajarilar edi. 415 million dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik o‘n karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 million kub metrni tashkil etmoqda.

– Bu kon – katalizator. Uni samarali o‘zlashtirish bilan birga kichik konlar bo‘yicha ham yangi yo‘nalish qilish kerak. Bu ham qo‘shimcha ish o‘rinlari, katta eksport, degani, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyiha doirasida, shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmog‘i va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etiladi. Jami 6 ming kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari ushbu kombinat, umuman, kelgusida har bir sanoat korxonasi o‘zini o‘zi muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlashi zarurligini ta’kidladi. Ilmiy tadqiqotlarni va maqsadli aspiranturani kengaytirish, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Ushbu inshootga joriy yil 29 iyul kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. bugungi kunda 107 gektar maydonda fabrikaning poydevor qismi qurilmoqda.

Bu loyihaning qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, bugungi kunda 861 million dollar o‘zlashtirilgan. Loyihalashtirish ishlariga Italiyaning “Wood” hamda loyihani texnik jihatdan baholash va qabul qilishga Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyalari jalb qilingan.

Direksiya binolari va quruvchilar uchun shaharcha foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yana bir shaharcha qurilishi davom etmoqda.

Yana bir muhim tomoni, xarajatlarni kamaytirish maqsadida fabrika yonida metall konstruksiyalar zavodi barpo etilmoqda.

Yangi fabrikada ruda omborlari, maydalash, yanchish va flotatsiya binolari, gidrometallurgiya sexi, ta’mirlash ustaxonalari, chiqindi xo‘jaligi va boshqa ob’ektlar bo‘ladi. Ish jarayoni zamonaviy uskunalar yordamida boshqariladi. Bu, inson omilini kamaytirib, mahsulot sifati va ish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz bu yerdagi qurilish ishlarini jadallashtirib, 2023 yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerdagi shaharchada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030 yilgacha rivojlantirishga doir rejalar muhokama qilindi.

Kombinatning JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalo, kombinatni transformatsiya qilish doirasida boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini raqamlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

– Eng asosiysi, kelgusi ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, uni davlat yordamisiz ishlay oladigan, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari 3-mis boyitish fabrikasini qurish bilan parallel ravishda 4-fabrikani ham loyihalashtirish muhimligini ta’kidladi. Buning natijasida rudani qayta ishlash hajmi 160 million tonnaga yetib, 3 martaga ko‘payishi mumkin.

Yig‘ilishda mis klasteri tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

bugungi kunda misni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 76 million dollarlik 22 ta loyiha shakllantirilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida Toshkent viloyatida Yarimo‘tkazgichlar va elektronika klasterini tashkil etishga kelishilgan.

Prezidentimiz bu boradagi ishlarni jadallashtirib, elektr texnikasi, energetika, avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

– Kombinatni, albatta, zo‘r qilamiz. Lekin avvalo, odamlar rozi bo‘lishi kerak. Uyi yaxshi, suvi chuchuk, elektri o‘chmaydigan, ishi daromadli bo‘lishi lozim. Buning uchun mahallada qanday muammolar borligini, ularni hal qilib, odamlarga sharoit yaratish uchun nima kerakligini sizlar aytishingiz zarur. Shuning uchun ochiq muloqot qilsak, foydali bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokim yordamchilari o‘zlari mas’ul bo‘lgan mahallada ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha rejalarini so‘zlab berdi. Davlatimiz rahbari ularga ishonch bildirib, takliflarini qo‘llab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimizda «inson qadri uchun» degan tamoyil asosida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilmoqda. Shu asosida ta’lim va tibbiy xizmat sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Olmaliq shahridagi 20-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi shunday maskanlardan biri. Bu yerda matematika, ona tili, ingliz tili chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Muassasa uch qavatli bo‘lib, 1 ming 500 nafardan ziyod o‘quvchiga mo‘ljallangan. Joriy yilda maktab binosi mukammal ta’mirlangan. 46 ta sinfxona, 3 ta laboratoriya va fan xonalari zamonaviy jihozlangan.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdi.

– Har daqiqa – boylik. Bu boylikdan foydalanib, chuqur bilim olishingiz kerak. Mana, Olmaliq kombinatining quvvatini oshirayapmiz, yangi fabrikalar qurayapmiz. Ularda kim ishlaydi? Sizlar! Hamma islohotlarimizning asosi, ishonchi – bilimli yoshlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Olmaliq shahridagi oilaviy poliklinikani ham borib ko‘rdi.

Mazkur poliklinika 1989 yilda qurilgan bo‘lib, 2017 yilda kapital ta’mirlangan. Bu yerda Olmaliq shahar tez tibbiy yordam bo‘limi, markaziy shifoxona, bolalar shifoxonasi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika ham joylashgan. Bu tibbiy xizmatlarni sifatli va samarali ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda.

Prezident talab ko‘p bo‘layotgan yo‘nalishlarni tumanlararo darajaga tushirib, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ehtiyojmand fuqarolar sog‘lig‘ini doimiy nazoratga olib, inson qadrini amalda namoyon qilish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda Toshkent viloyatida tibbiyot bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shu yerda Olmaliq shahrida quriladigan “Yangi O‘zbekiston” mavzesi haqida ma’lumot berildi. Yaqin yillarda shahar aholisi 130 mingdan 200 mingga yetishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ular uchun munosib sharoitlar yaratishni hozirdan o‘ylash, uy-joy, ijtimoiy infratuzilma barpo etish kerakligini ta’kidlab, mutasaddilarga bu bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avazbek XUDOYQULOV,

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA muxbirlari