O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan Koreya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida O‘zA muxbiri Saidmurod Rahimov, an’anaga ko‘ra, Koreyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Kan Chje Kvonning ikki yurt o‘rtasidagi iliq munosabatlar xususidagi fikrlarini yozib oldi:


– «Biz shunday ellarmizki, davlatlarimiz rahbarlari bir-birini bamisoli aka-ukadek do‘st, deb bilishadi, mamlakatlarimiz uzviy hamkorlikda taraqqiy etmoqda. Odamlarimiz bir-birini yurakdan yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi, xalqlarimiz doimo bir-biriga baxt-saodat, xotirjamlik tilaydi». Bu so‘zlarni men yaqinda Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi yuqori martabali rasmiylari uchrashuvi chog‘ida, kutilmaganda so‘z berib qolishganda aytdim. Aslida, bunday fikr-o‘ylar so‘nggi uch yil davomida O‘zbekistonda yashab, diplomat sifatida faoliyat ko‘rsatib kelarkanman, har kuni xayolimdan o‘tadi. 30 yil ichida shunday o‘zaro iliq munosabatni shakllantirishga erishganimiz, mamlakat yetakchilarining do‘stligi, birodarligi, bir-biridan minglab kilometr olisda joylashgan hukumat va xalqlar bir-birini  shunday hurmat qilishidan behad quvonaman.

Mehmondo‘stlik, olijanoblik, marhamat ko‘rsatish o‘zbekcha «mahalla» va koreys tilidagi «mail» tushunchasida mujassam. Hatto, bu ikki so‘z hamohang. Kattaga hurmat, kichikka izzat, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, yaqinlar to‘g‘risida qayg‘urish – bularning bari mamlakatlarimiz uchun umumiy bo‘lgan qadriyat, urf-odat, o‘xshash an’ana va udumlar hosilasidir.

Samarqand shahridagi «Afrosiyob» muzeyida saqlanib kelayotgan rasm (freska) davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik almashinuvlar 1400 yil avval boshlanganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston hukumati va biznes hamjamiyati diplomatik munosabat o‘rnatilishidan avvalroq koreys kompaniyalarini sherik sifatidan tanlagan. Respublikada yashab kelayotgan koreys millatiga mansub aholi (koreys diasporasi) diplomatik munosabat yo‘lga qo‘yilgandan keyin ikki xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab kelmoqda. Bunday natijalarga aloqalar rivojlanishi uchun bor kuch-g‘ayrati, mahoratini sarflayotgan diplomat  hamkasblarimizdan boshlab boshqa ko‘plab mutaxassislar jonbozligi tufayli erishilyapti.

Hozir Koreya Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida munosabatlarning «Yangi Shimoliy siyosat» milliy falsafasiga mos keladigan ikkinchi bosqichini yo‘lga qo‘yish taraddudini ko‘rmoqda. Shunga muvofiq, ayni damda ham ko‘plab insonlar ushbu orzularni ro‘yobga chiqarish uchun astoydil mehnat qilishmoqda.

Bizning o‘zaro iliq hislarimizga pandemiya ham ta’sir eta olmadi. Butun dunyo koronavirus tufayli yopiq bo‘lib turganda ham Seul va Toshkent o‘rtasidagi avia qatnov to‘xtatamadi. Aksincha, ushbu virus tufayli yuzaga kelgan inqiroz sog‘liqni saqlash, tibbiyot sohalarida bir necha yil avval ilgari surilgan qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatni jadallashtirishga imkon yaratdi. Jismoniy cheklovlarni IT, ya’ni axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklik qamrovi kengaytirilishi hisobiga yengib o‘tdik. Ikki tomonlama xorijiy safarlar bilan bog‘liq muammolarni esa onlayn-konferensiya  shaklidagi uchrashuvlar sonini ko‘paytirib bartaraf etdik.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro yordam oxirgi to‘rt yil ichida, hatto, pandemiya avj olgan favqulodda vaziyat chog‘ida ham ikki davlat prezidentlari o‘tkazgan oliy darajadagi to‘rtta uchrashuvda o‘z ifodasini topdi.

To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida siyosat, iqtisodiyot, jamiyat, madaniyat, fan va texnologiyalar singari ko‘plab sohalarda O‘zbekiston va Koreya Respublikalari birgalikda salmoqli yutuqlarga erishdi. O‘ylaymanki, bo‘lajak sammitda so‘nggi 30 yildagi eng muhim voqealar jamlanib, tahlil etiladi. Va shu bilan birga, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining to‘laqonli ikki a’zosi sifatida davlatlarimizning bashariyat yorqin kelajagini ta’minlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladigan qarashlari ham taqdim etiladi.