O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni davlat bojxona xizmati organlari tizimidagi keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Farmonga binoan tovar va transport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonida 2018 yilning 1 dekabrdan “sariq” va “qizil”, 2019 yilning 1 martidan esa “yashil” va “ko‘k” yo‘laklarni qo‘llashni nazarda tutuvchi “Xavfni boshqarish tizimi” amaliyotga to‘liq tatbiq etildi. Natijada, “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati yuqoridagi 4 ta yo‘lakdan biriga yo‘naltirilgan holda amalga oshirilmoqda.

“Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi davlat ekspertizasidan muvaffaqiyatli o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi – mualliflik huquqi egasi sifatida elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi Intellektual mulk agentligining guvohnomasini olgan.

Ushbu jarayonlar bilan jurnalist, bloger va ommaviy axborot vositalari vakillarini bevosita tanishtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari bojxona posti faoliyati jarayoni ya’ni, tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalari bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur post xodimlari tomonidan 2021 yilning 11 oyi davomida
4817 ta bojxona yuk deklaratsiyasi, o‘tgan yilning mos davrida 4465 ta rasmiylashtirilgan. Yo‘laklar kesimida tahlil qilinganda, 1202 tasi (24,95%) “yashil”, 2716 tasi (56,38%) “sariq” va 899 tasi (18,66%) “qizil” yo‘laklarga yo‘naltirilgan.

– Press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad, so‘nggi yillarda bojxona idoralarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, o‘zgarishlar natijasida TIF qatnashchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar, qulayliklar bilan jurnalist, bloger va ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirishdan iborat, – dedi boshqarma xodimi N.Rozibayev. – Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda tizimga joriy etilgan “raqamli bojxona”ning shakllanishi eng avvalo tovar transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonlarida inson omilining keskin qisqarishi va bu orqali korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga xizmat qiladi. Jumladan 2021 yil boshidan hozirgi kunga qadar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida shaxsiy tarkib, tadbirkorlik sub’ektlari hamda xodimlarning ota-ona va yaqinlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, boshqarmada o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bugun o‘zining ijobiy samarasini berib, tizim xodimlari o‘z xizmat vazifalarini belgilangan tartibda halol va vijdonan bajarilishiga erishilmoqda.

Ushbu postda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida 104 milliard so‘m (boshqarmaning 34%) miqdorida bojxona to‘lovi undirilib, davlat byudjetiga o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda hisobot davrida 53 ta bojxona qonunbuzilishi holati aniqlanib, jami 101 million so‘mlik tovar moddiy boylik davlat foydasiga o‘tkazildi. Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 9 milliard 869 million so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovi hisoblanib, davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA