Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari K.Tarixov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudi raisi D.Razov hamda Qo‘ng‘irot tumanlararo iqtisodiy sudi raisi A.Ayapov Qo‘ng‘irot tuman Davlat xizmatlari markazida tuman Adliya bo‘limi, Yuridik xizmat markazining rahbar va xodimlari, tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida “yagona darcha” tizimini sudlar faoliyatiga tadbiq etish loyihasining ahamiyati xususida targ‘ibot olib bordi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib, endilikda sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq tashabbusni ilgari surgan edi. Jumladan, bundan buyon ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lishidan qat’i nazar, arizalar “Yagona darcha” orqali qabul qilinishi, bu esa fuqaro va tadbirkorlarning eshikma-eshik sarson bo‘lishiga chek qo‘yishi ta’kidlagan edi.

Oliy sud tomonidan ayni masalaga doir loyiha ishlab chiqilib, sudyalar, advokatlar hamda keng jamoatchilikka havola etish, loyiha yuzasidan fikr-mulohazalarni umumlashtirish jarayonlari olib borilmoqda.

Joylarda boshlangan muloqotlarda yangicha yondashuvning qulaylik va afzalliklari borasida so‘z yuritilib, muhokama jarayonida tadbir ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA