O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatga doir dolzarb masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ilgari erishilgan kelishuvlar amalga oshishi jarayoni, shuningdek, bo‘lajak uchrashuvlar, jumladan, “Vishegrad guruhi – Markaziy Osiyo” formati doirasidagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

2022 yil O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

 

Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati