Stokgolm shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Kristin Linde bilan uchrashuv o‘tkazdi.

A.Komilov Shvetsiya tomonini YeXHTdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan tabriklab, O‘zbekiston mazkur tuzilma bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Shvetsiya siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekani tasdiqlandi. Bo‘lajak tadbirlar, jumladan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali ko‘rib chiqildi.

Stokgolm shahrida O‘zbekiston elchixonasining ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada jadallashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr, mulohaza almashdi.

Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati