Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari M.Jumanov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, yoshlarni adabiyot, san’at, madaniyat, sport va axborot texnologiyalari yo‘nalishiga hamda kitob o‘qishga qiziqishini orttirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini berib, so‘nggi besh yilda maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi 2 barobarga ortdi.

Umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2017-2021 yillarda Davlat dasturlari asosida jami 641 ta umumta’lim maktabida 306,9 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada ushbu davrda yangidan 23 ta umumta’lim maktabi tashkil etildi. Shuningdek, 282 ta umumta’lim maktabiga 74,9 milliard so‘mlik zarur jihozlar yetkazib berildi. Nukus shahrida Prezident maktabi, I.Yusupov nomidagi ijod maktabi, 8 ta matematika, 2 ta fizika, 4 ta kimyo-biologiya, 8 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan 17 ta davlat umumta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda.

Ushbu ishlar davom ettirilib, kelgusi 5 yilda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2022–2026 yillarda jami 275 tasida 2,4 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Shuningdek, 377 ta umumta’lim maktabi 240,5 milliard so‘mlik jihozlar bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, 59 ta umumta’lim maktabida zamonaviy sport zali quriladi.

Shu yillar mobaynida 9 ta matematika va fizika, 4 ta kimyo-biologiya, 9 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab, Chimboy, Qo‘ng‘irot, Beruniy tumanlarida va Nukus shahrida 4 ta STEAM yo‘nalishidagi fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 470 ta umumta’lim maktabida variativ sinflar tashkil etiladi.

Tadbirda 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir ishtirokchilariga konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA