O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Mamutov Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida o‘z saylovchilari bilan uchrashdi.

Dastavval To‘rtko‘l tuman elektr ta’minoti korxonasining fuqarolar bilan ishlash faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Korxona o‘tgan yili yangi elektron tizimga o‘tgan bo‘lib, bu tizim asosida tumanda jami 40300 nafar abonentning har bir soatda qancha elektr energiyasi sarflayotgani, qaysi hududlarda muammo bo‘layotgani va uning tezkor yechimi bo‘yicha tez, aniq ma’lumot berish imkoniga ega. Yangi tizim orqali ishlash natijasida abonentlarda uchraydigan ko‘pgina muammolar qisqa muddatlarda bartaraf etilmoqda.

Ammo 200 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiluvchi tumanda fuqarolarning murojaatlarini qabul qiluvchi dispetcherlik xizmatining eskirgan tizimda faoliyat yuritayotgani, yangi innovatsion yondashuv zarurligi bildirildi. Tashkilotning Respublika miqyosida ishlaydigan “1154” SALL markazi mavjudligi ma’lum, ammo, tumanda faoliyat yuritayotgan dispetcherlik bo‘limida haligacha eski tizimda faoliyat yuritilishi, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishda muammolar borligi aytib o‘tildi. Elektr ta’minoti tuman bo‘limidagi mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar kiritildi.

“To‘rtko‘ltumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida bo‘lgan Oliy Majlis deputati aholining tabiiy gaz yetib bormagan hududlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlari bilan tanishdi. Bu yerda mas’ullar har bir oilaga yetkaziladigan gaz ballonlarining standartdan o‘tkazilish jarayonini o‘rganib chiqdi. Shu bilan bir qatorda aholining tabiiy gaz yetib bormagan hududlarida qishdan betalofat chiqishi bo‘yicha gaz ballonlarining sifatli yetkazilishi muhimligi qayd etildi.

O‘rganish jarayonida fuqarolar bilan ishlashda “To‘rtko‘ltumangaz” gaz ta’minoti idorasidagi xodimlar uchun ajratilgan xonalar tegishli mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlanmaganligi, fuqarolar uchun ajratilgan kutish zalida mebel jihozlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Tumandagi tabiiy gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalarini (GTQ) nazorat qilishda hududlardagi oraliq masofa tuman markazidan 65-70 kilometr uzoqligi sababli avariya holatlarni bartaraf qilish, ta’mirlashda xodimlar yetishmasligi, qo‘shimcha xizmat avtomashinasi, gaz sizib chiqish holatlarini aniqlovchi yangi zamonaviy asbob-uskunalar zarurligi aniqlandi. Shuningdek, ushbu tashkilotga tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha murojaat qilib kelgan fuqarolarning ham muammolari o‘rganilib, ularning murojaatini bartaraf qilish bo‘yicha deputatlik vakolatidan kelib chiqib, yechimi nazoratga olindi.

Deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘inida davom etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA