Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida tantanali majlis bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov barchani 1 dekabr – Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganining 32 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

Necha asrlardan buyon ajdodlarimizdan bizga bezavol o‘tib kelayotgan ona tilimiz xalqimizning o‘zligini namoyon qilishida, yurtimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida, jamiyatning rivojlanishida muhim o‘rin egallab kelayotgan bebaho meros, shuningdek, yurtimiz tarixini, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va dasturlarimizni o‘zida mujassam etgan bebaho xazinamizdir.

Milliy madaniyat va ma’naviyatimizning rivojlanishida va yuqori darajaga erishishda ona tilimizning o‘rni, ahamiyati juda katta. Shu sababdan, so‘nggi yillarda yurtimizda ona tilimizni asrab-avaylashga, uni yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etilgani, qoraqalpoq tilidagi yangi darsliklar bilan qo‘llanmalar, adabiy kitoblar, monografiyalarning nashrdan chiqarilayotgani, ona tilimizni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar va boshqa tadbirlarning tashkil etilayotganini qayd etish zarur. Shuningdek, lotin imlosidagi “Qoraqalpoq tilining orfografik lug‘ati”ning chop etilgani, ta’lim muassasalari uchun qoraqalpoq tilidagi badiiy adabiyotlarning yetkazib berilishi qoraqalpoq tiliga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir. Shuning uchun ham joriy yilda ushbu bayramning “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilishi bejiz emas. Qutlug‘ sana munasabati bilan Orolbo‘yining barcha joylarida bayram tadbirlari, uchrashuvlar, adabiy kechalar va turli tanlovlar o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 16 iyul sanasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi tomonidan “Qoraqalpoq tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi maxsus qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida 2021-2030 yillarda qoraqalpoq tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, ushbu konsepsiyani 2021-2023 yillarda amalga oshirish dasturi, lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Qoraqalpoq tilini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish, ta’lim muassasalarida ona tilimizni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, qoraqalpoq tilining zamonaviy axborot-texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashni ta’minlash, qoraqalpoq tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, til tozaligini saqlash, uni boyitib borish hamda aholining nutq madaniyatini oshirish singari bir qator vazifalar belgilab olindi.

Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ona tilimizni rivojlantirishda, uning nufuzini yanada oshirishda, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi. Hozirgi globallashuv va axborot davrida ona tilimizni sofligicha saqlash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazish – barchamizning muqaddas burchimizdir.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarining bir guruh qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

San’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA