Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish davr talabi bo‘lib turgan bir paytda suvni tejash, bu borada yangi texnologiya va uslublarni qo‘llash, sug‘oriladigan yerlarda suvni limit asosida taqsimlash ishlari olib borilmoqda.

Ammo, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan bebaho ne’mat sanalgan suvni hech qanday talabnoma va hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan iste’mol qilish holatlari ham uchrab turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan joriy yil 1 noyabr holatiga Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish ustidan nazorat qilish sohasida o‘tkazilgan 2343 ta nazorat tadbiri davomida suv xo‘jaligi tashkilotida 172 ta, suv iste’molchilari uyushmasida 51 ta, fermer va klaster xo‘jaliklarida 485 ta, fuqarolarda 134 ta, jami 842 ta qonunbuzilish holati aniqlandi.

Ushbu holatlar bo‘yicha jami 146 million 23 ming so‘mlik 220 ta ma’muriy jarima, 1 milliard 330 million 440 ming so‘mlik 416 ta jarima sanksiyasi qo‘llanilib, 370 ta holat bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga, 2 ta qonunbuzilish holati prokuratura organiga yuborilgan. Bundan tashqari, 1582 ta ogohlantirish, 229 yozma ko‘rsatma va 21 ta taqdimnoma tegishli tashkilot rahbarlariga kiritildi. Jumladan, Nukus tumanidagi “Muyatdin qayshili” fermer xo‘jaligi tomonidan tuman suv iste’molchilari uyushmasiga talabnoma bermasdan o‘zboshimchalik bilan 49700 m3 suvni iste’mol qilganligi aniqlanib, holat yuzasidan 4 million 26 ming so‘mlik, Ellikqal’a tumanidagi “Abdullaziz Zulayxo” fermer xo‘jaligi tomonidan “Burgutqal’a suv hayoti” suv iste’molchilari uyushmasi bilan shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan 260924 m3 suvni olganligi aniqlanib, holat yuzasidan 21 million 134 ming so‘mlik jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.

Xo‘jayli tumanidagi “Ajiniyaz qandekli” fermer xo‘jaligi tomonidan talabnomasiz, o‘zboshimchalik bilan 121500 m3 suvni olganligi aniqlanib, holat yuzasidan 9 million 841 ming so‘mlik, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Pamir tau” fermer xo‘jaligi tomonidan talabnomasiz, o‘zboshimchalik bilan 3850 m3 suvni olganligi aniqlanib, holat yuzasidan 311 ming 850 so‘mlik jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Beruniy tumanidagi “Qiyatobod” suv iste’molchilari uyushmasi fermer xo‘jaliklari bilan, shuningdek, Shumanoy tumanidagi “Birleshik” ovul fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan suvning oldi-berdi jurnallari yuritilmaganligi aniqlanib mazkur holatlar yuzasidan SIU hamda ovul fuqarolar yig‘ini raislariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddasi bilan ma’muriy jarima qo‘llanildi. Qonliko‘l tumanidagi “Miyassar Madina” fermer xo‘jaligi tomonidan talabnomasiz, o‘zboshimchalik bilan 14900 m3, Kegayli tumanidagi “Nargiza Kengesbayeva” fermer xo‘jaligi tomonidan talabnomasiz, o‘zboshimchalik bilan 21420 m3 suvni olganligi aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli Qorao‘zak tumani “Madaniyat” nasos stansiyasidagi suvning oldi-berdi jurnallarida ta’minotchi va iste’molchilarning imzolari qo‘yilmaganligi aniqlanib, mas’ul xodimlarga ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha doimiy ravishda nazorat ishlari olib borilmoqda. Xalqimizda “Suvning ham so‘rovi bor”, degan ibora bejizga aytilmagan. So‘nggi yillarda suv tansiqligi kuzatilayotgan bir paytda bunday holatlarning qayd etilishi, joylarda bu borada nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA