Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori hamda yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada barqarorlashtirish, milliy g‘oya targ‘ibotini kuchaytirish, kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, oilaviy kitob o‘qish an’anasini ommalashtirish, yosh ijodkorlarni, faol kitobxon va kutubxonachilarni aniqlash va qo‘llab quvvatlashda “Kitobxonlik haftaligi” tadbiri muhim ahamiyat kasb etayotir.

Haftalik davomida respublika Bolalar kutubxonasida, shahar va tuman Xalq ta’limi bo‘limlariga qarashli umumta’lim maktablarida turli viktorina o‘yinlari, savol-javob kechalari, yangi kitoblar taqdimoti, yozuvchi shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tanlovlar o‘tkazililib, g‘oliblar taqdirlandi.

Jumladan, “Yangi O‘zbekiston kutubxonasi mening nigohimda” onlayn tanlovida Qorao‘zak tumanidagi 8-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Hurlimon Qolboyeva, “Bobolar merosi, bolalar folklori” tanlovida Xo‘jayli tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Uljon Jaqsimuratova, “Kitobxonlar lideri” tanlovida Qonliko‘l tumanidagi 8- umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Durdona Jumambetova, “Kun kitobxoni” tanlovida Kegayli tumanidagi 26-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Alberto Abdinosirov, “Yilning eng namunali maktab kutubxonachisi” onlayn tanlovida Xo‘jayli tumanidagi 4-umumta’lim maktabining kutubxonachisi Peruza Raymova g‘olib bo‘ldi.

G‘olib va barcha sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA