Fotofakt

Qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri o‘tov – qora uy hisoblanadi. Qora uy o‘zining qurilishi, ko‘rinishi bilan boshqa xalqlar o‘tovidan ajralib turadi.

Bugunda qora uylardan hudud turistik salohiyatini oshirishda keng foydalanilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida qoraqalpoq o‘toviga barcha buyum va uskunalari bilan maxsus o‘rin ajratilgan. Shuningdek, Ayozqal’a, Tuproqqal’a kabi qator tarixiy yodgorliklar va Orol dengizi bo‘ylarida ham o‘tovlar tikilgan.

O‘tov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlaydigan ustalarni “uychi” deyishadi. Bu kasb ularga ota meros.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qora uyni har qanday yog‘ochdan ham yasab bo‘lmaydi. U chidamli, egiluvchan toldan ishlanadi. Sababi, ko‘chmanchilar turmushiga xos bunday boshpanalarni tikish va yig‘ish tez-tez takrorlanib turgan. Tabiiyki, buning uchun sinmaydigan, mustahkam yog‘och zarur.

Qora uy 3 bosqichda ishlanadi – dastlabki bosqich kerege (yog‘och panjara), undan so‘ng shaniroq (qora uyning tom qismi), so‘nggi bosqich uviq (tirgak), deb yuritiladi. Shaniroq – qora uyning eng muhim qismi bo‘lib, u gumbazsimon doiradan iborat. Shaniroqning o‘rtasiga egilib ishlangan ikki qatorli yarim doira yog‘och “to‘g‘in” deyiladi. Aynan ushbu to‘g‘in qora uyni boshqa xalqlar o‘tovidan ajratib turadi. Qora uyning yana bir qismi erganak, ya’ni, eshik deb ataladi. Uni boshqa usta ishlaydi. Erganak o‘yma naqshlar bilan bezaladi va qizil rangga bo‘yaladi.

Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. 5 qanotli uylar kam uchraydi. Odatda, 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan. 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni ko‘payganidan so‘ng tikilgan.

Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda og‘alar, ya’ni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bog‘liq muhim masalalarni hal qilish uchun yig‘ilgan. Qora uy bezak buyumlarining barchasi qo‘lda ishlangan, ya’ni o‘rmakda to‘qilgan. Kigiz asosan qo‘y, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.

Qora uyga naqshli bezaklariga qarab oq o‘tov, bo‘z o‘tov, deb ta’rif berilgan. Qora uyning o‘rtasida to‘rt qirrali o‘choq o‘rnatilib, tutuni uy tuynugidan chiqib ketadi. Uy ichida qarshin – ko‘rpa-to‘shak ostiga qo‘yiladigan va ichiga narsa solinadigan buyum qo‘yiladi.

O‘tovning o‘ng tomonida yoshiga qarab erkaklar, so‘l tomonida xotin-qizlar o‘tiradi. O‘ng tomon muqaddas hisoblangan va erkaklar o‘tirgan o‘rinni xotin-qizlar bosishi qat’iy taqiqlangan. Qora uyning eshigi past bo‘lgani uchun ichkariga engashib kiriladi. Bu uyga ta’zim qilib kirish zarurligini anglatgan.

Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida 20 dan ziyod uychi – o‘tov tiklovchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mamlakatimizda yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, hududda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

– So‘nggi yillarda xalqimizning o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri hisoblangan qora uyga bo‘lgan qiziqish katta, – deydi chimboylik tajribali usta Obodboy Tojiqulov. – 1976 yildan buyon o‘tov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlash bilan shug‘ullanib kelaman. Yaqin kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti yordamida bizning tumanimiz markazidagi qora uy yasash ustaxonasida qayta ta’mirlash va qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Albatta, bundan juda mamnunmiz.

Hozirda bu yerda ishlab chiqarilayotgan qora uylar nafaqat mamlakatimiz viloyatlariga yetkazib berilmoqda, balki Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA