O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Orolning yashil dengizi” hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Orol muammosi amalda umumsayyoraviy ekologik xususiyatga ega ekanligini inobatga olib taqdimotda ishtirok yetish va uni hal etish yo‘llarini muhokama qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Ekologiya boshqarmasi, O‘zbekiston “Orolni qutqarish” jamg‘armasi rahbarlari va yetakchi mutaxassislari, milliy madaniyat markazlar raislari va faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

Qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov o‘z nutqida “Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi faoliyatiga to‘xtalishi bilan birga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orol dengizi ekologik halokati oqibatlari BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Natijada Orolni qutqarish uchun xalqaro maxsus trast fondi tashkil etildi. Mamlakatimiz rahbarining taklifiga binoan BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish Orol fojiasini shaxsan ko‘rish uchun O‘zbekistonga bir necha bor kelgani qayd etildi.

Film namoyishidan so‘ng qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, “Slavutich” Respublika ukrain markazi raisi o‘rinbosari Zinoviy Novitskiy O‘rmon tubining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha Davlat dasturini amalga oshirish yuzasidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Yosh avlodning ekologik tarbiyasini maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlab maqsadli va tizimli olib borish, buning uchun yorqin va tushunarli filmlar, bolalar uchun kitoblar, ma’rifiy ekologik jurnallar chiqarishni tashkil etish uchun manfaatdor tashkilotlarga takliflar kiritildi.

 

  N.Usmonova,

  O‘zA muxbiri