Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani “Qonliko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 20 xonadonga mo‘ljallangan turar joy o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kam ta’minlangan, o‘zganing ko‘magiga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Hududdagi qishloq shifokorlik poliklinikasining bo‘sh turgan eski binosini turar joyga moslashtirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 1 milliard 620 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Ikki qavatli binoda barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Har bir xonadon zamonaviy isitish uskunalari bilan ta’minlangan.

Marosimda yangi turar joy kalitlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Homiylar tomonidan oilalarga kundalik maishiy texnikalar sovg‘a qilindi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA