O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshchiligida o‘tkazilgan o‘quvlar doirasida olingan shartli signalga muvofiq Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug boshqaruv apparati hamda bo‘ysunuvdagi harbiy qism va muassasalar yuqori jangovar shaylik darajalariga keltirildi.

O‘quvlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, jangovar shaylikni saqlash, kuch tuzilmalari bilan hamkorlik masalalarini tashkillashtirish, shaxsiy tarkibning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish kabilardan iborat.

Mashg‘ulotlar davomida bo‘linma komandirlarining ko‘nikmalarini mustahkamlash, javobgarlik hududini himoya qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar harakatlarni rejalashtirish, safarbarlik resurslarini to‘plash va yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni takomillashtirish hamda har tomonlama qo‘shinlar ta’minotini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Bo‘linmalarning navbatchi kuch va vositalari orqali shaxsiy tarkibni tezkor ogohlantirish, komandirlarning bo‘linmlarni yuqori jangovar shaylik darajasiga keltirishda bajaradigan ishlari, bo‘linmalarning jipslikdagi harakatlari, shaxsiy tarkib, jangovar texnika va qurol-aslahalarning jangovar vazifani bajarishga tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quvlar davomida kuch tuzilmalari bilan birgalikdagi o‘quv va amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, razvedka bo‘linmalari tomonidan chegara oldi hududlarida razvedka-qidiruv harakatlari olib borilib, shartli dushman ehtimoiy yo‘nalish marshrutlari sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. “Nukus” aeroportida yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda hamkor davlat boshqaruvi organlari hamkorligida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quvi bo‘lib o‘tdi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quvi namoyish etildi.

“Yangiariq” umumqo‘shin poligoni hududida Urganch garnizonidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismning vzvod-taktik guruhi tomonidan shartli dushman kuchlarini tunggi sharoitda yakson etish bo‘yicha jangovar otishma bilan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Shuningdek, ushbu poligonda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘linmalari bilan shahar sharoitida garovga olingan fuqarolarni qutqarish va shartli terrorchilarni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus o‘quvlar ko‘rsatib berildi.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari bo‘linma va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yana bir bor sinovdan o‘tkazib, tajribalarini yanada mustahkamladi.

 

Mayor Timur Narziyev,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

matbuot xizmati boshlig‘i.

O‘zA