Mamlakatimizda ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, har bir sohada juda muhim bo‘lgan, eng ko‘p foydalaniladigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tibbiy buyumlar, ya’ni, shprits va infuzion sistema ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona faoliyat boshladi. E’tiborlisi, korxona mahsulotlari eksportga ham chiqarilmoqda.

Ilgari tibbiyotda foydalaniladigan oddiy bir martalik shpritslar qo‘shni viloyatlardan keltirilgan bo‘lsa, endilikda ushbu tibbiyot buyumlari o‘zimizda mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Nukus shahridagi “NUKUS MEDTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati asosida qo‘shma korxona ayni yo‘nalishdagi eng yirik loyihalarning biri hisoblanadi.

Yiliga 250 million dona bir martalik foydalaniladigan tibbiy buyumlar, jumladan, uch turdagi shprits va infuzion sistema ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona 24 soat davomida to‘xtovsiz ishlaydi. Hozirda kuniga 800 ming dona mahsulot tayyorlaydigan korxonada 230 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu yerda dunyoning ilg‘or davlatlari Xitoy va Koreyada ishlab chiqarilgan uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, bu zavodning uzluksiz va to‘xtovsiz faoliyat yuritishida, eng asosiysi sifatli mahsulot chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu yerda ichki mahalliy bozorni zarur tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Afg‘oniston, Armaniston davlatlariga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 noyabrdagi “Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Albatta, tadbirkorlar tomonidan joylarda ishlab chiqarish quvvatlarining ortishi jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ichki bozorlarni sifatli, arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish, eng muhimi, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA