Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Yu Yuni qabul qildi.

Uchrashuvda mehmonlarga yurtimiz, xususan, Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining farovon turmushini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi. Bunda ayniqsa, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni yumshatish, aholi salomatligini saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida so‘z bordi. Bu jarayonda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi hamda bir qator rivojlangan davlatlarning ko‘rsatayotgan yordami alohida ta’kidlandi.

Mehmonlar Orolbo‘yi mintaqasi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga yanada ko‘maklashish, o‘zaro hamkorlik qilish, birgalikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Shu kunning o‘zida mehmonlar BMT Taraqqiyot Dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan qator loyihalarning ochilish marosimlarida ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA