Prezidentimiz raisligida davom etayotgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, aholi daromadini oshirish va bozorlar to‘kin-sochinligini ta’minlash uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, shuningdek, quyon, qo‘y va echki, asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish shart.

Misol uchun, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida Soliq qo‘mitasi va viloyat hokimligi “loyiha ofisi”ni tashkil qilib, mahallalarga 300 dan ortiq inkubator olib bergan.

Bunda har bir xonadonga veterinariya xizmatlari ko‘rsatish va zarur ozuqalarni yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Muhimi, tumanda yiliga 1 million tuxum qo‘yadigan, xonaki tovuq yetishtiradigan “mahallalar klasteri” shakllangan.

Yig‘ilishda har bir tumanda xonadonlarda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “loyiha ofislari”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tijorat banklari tomonidan yiliga 11-12 million dona tovuq tarqatish bo‘yicha resurslar mavjud.

Yil yakuniga qadar joylardagi ehtiyoj, hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlardan xonaki parranda tuxumlarini olib kelib, aholiga tarqatish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Tumanlarda Meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi.

Loyiha ofislariga intensiv bog‘lar barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlash va ochiq tanlovga chiqarishni ta’minlash, tijorat banklari bilan birga ajratilayotgan kreditlar doirasida meva-sabzavotchilik loyihalarini ishlab chiqish hamda ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish, agroxizmatlar ko‘rsatish, mahsulotni sotishni tashkil etishga ko‘maklashish vazifalari yuklanadi.

 

O‘zA