Prezidentimiz raisligida davom etayotgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavot klasterlari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha mavjud muammolar va ularning yechimlari ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, bu borada eng avvalo, joriy yil 1 dekabrdan Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan meva-sabzavot yetishtiruvchilarni imtiyozli kreditlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, “klaster – fermer – bank” zanjiri asosida mahsulot hajmi va moliyalashtirish muddatlari aniq ko‘rsatilgan uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Kreditlar bir yilga 6 oy imtiyozli davr bilan 14 foiz stavkada ajratiladi.

Har bir mahsulot turiga qarab moliyalashtirish sxemalari ishlab chiqiladi. Masalan, takroriy ekin uchun iyunda, to‘qsonbostiga sentyabrda mablag‘ ajratiladi.

Klasterlarga tomorqalardan tayyor mahsulot sotib olishga aylanma mablag‘ uchun 12 oylik “revolver” kreditlar beriladi. Ya’ni, klaster qachon zarur bo‘lsa, mablag‘ni shunda oladi va foizini kreditdan foydalangan davr uchun to‘laydi. Bunda, paxta va g‘alladagi kabi kredit garovi uchun sug‘urtalash tizimi joriy etiladi. Ushbu maqsadlar uchun 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan kichik intensiv bog‘, uzumzor va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 14 foizlik imtiyozli stavkada 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Bunga xalqaro moliya tashkilotlarining 100 million dollar mablag‘i yo‘naltiriladi.

Eksport shartnomasi bo‘lgan meva-sabzavot yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Klasterlar tomonidan chet eldan malakali agronom, энт́амолог, laboratoriya mutaxassisi jalb qilish xarajatlarining 50 foizigacha qismiga subsidiya beriladi.

 

O‘zA