O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun 11-12 noyabr kunlari Turkiyada tashrif bilan bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun  11-12 noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan bo‘ladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashrifi dasturida Istanbul shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yilda ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash maqsadida tuzilgan.

bugungi kunda Kengashga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo. Mamlakatimiz tashkilotga 2019 yilda qo‘shildi. Vengriya Turkiy kengashda kuzatuvchi maqomiga ega.