Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat korxonalari faoliyati, ijtimoiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 21 oktyabr kuni Jizzax viloyatida bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish tashkil etildi. Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, shu yil mart oyida ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur zavoddagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu ilk loyihaning qiymati 12 million dollardan ziyod. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli bo‘lib, bu yerda “KIA”, “Renault” va “Lada” rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yig‘ilmoqda. bugungi kungacha ichki bozorga 2 mingdan ziyod avtomobillar yetkazib berilgan. Bu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni va shinamligi, tejamkorligi, servis xizmatlari arzonligi, boshqaruv qulayligi bilan xaridorlarga ma’qul kelmoqda. Avtomobillarga besh yillik kafolat berilayotir. Korxonada 250 nafar mutaxassis ishlamoqda.

Davlatimiz rahbariga loyihaning ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berildi.

216 million dollarlik mazkur loyiha doirasida kichik uzelli ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ya’ni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Buning natijasida zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Yana 3 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Ushbu bosqichda mahalliylashtirish 30 foizga yetkazilib, yiliga 150 million dollarlik avtomobillar eksport qilinadi. Zavod tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadrlar tayyorlash sohalarini qamrab oladi.

Yana bir muhim tomoni, bu zavod ko‘plab kichik korxonalar, xizmatlar tashkil topishiga turtki bo‘ladi. Masalan, hozirdanoq Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 million dollarlik 60 ta loyiha shakllantirilgan. Shuningdek, Amerika va Yevropa nufuzli injiniring kompaniyalari bilan birga viloyatda tajriba-konstruktorlik va dizaynerlik markazi tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari mahalliylashtirish darajasini oshirib, avtomobillar narxini arzonlashtirish, xaridorlarga tanlov imkoniyatini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi qaroriga muvofiq, bu yerda Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga ichimlik suvi tizimini yaxshilash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qiymati qariyb 580 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida suv olish va tozalash inshootlari, «Jizzax» suvni taqsimlash uzeli, 183 kilometr magistral tarmoqlar qurilishi belgilangan.

Mutasaddilar loyiha doirasida bajarilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

bugungi kunda Bulung‘ur tumanida, Zarafshon daryosi yonida 100 ming kub metr sig‘imli “Uzunbuloq” suv tozalash inshooti, nasos stansiyasi, laboratoriya, filtrlash stansiyasi va yordamchi binolar qurib bitkazilgan. “Uzunbuloq – Gagarin” magistral tarmog‘ining Jizzax shahrigacha bo‘lgan 77 kilometri yotqizilgan. “Jizzax” suv taqsimlash inshooti, 5 ming kub metr sig‘imli ikkita suv havzasi qurilgan. Endi ushbu inshootlardan Gagarin shahrigacha 90 kilometr suv tarmog‘i tortiladi.

Ushbu tarixiy loyiha natijasida Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlari hamda Jizzax shahridagi 163 ta mahallada yashovchi 700 ming aholiga toza ichimlik suvi yetib boradi.

Tadbirda jizzaxlik nuroniylar, mahalla faollari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

– Jizzax viloyatida ichimlik suvi bo‘yicha vaziyat og‘ir edi. Bu suvni jizzaxliklar 30 yildan ortiq kutdi. Men hokim bo‘lgan paytlarda qancha harakat qilganmiz. Lekin loyiha ham, pul ham yo‘q edi. Mana, orzularimiz ushalayapti. Endi bu tizimning har bir inshootiga, har bir tumandan o‘tgan qismiga malakali mutaxassislarni biriktirib, sifatli ishlatish kerak. Yoshlarni axborot texnologiyalari asosida ishlaydigan bu tizim bo‘yicha o‘qitish ham zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihani 2022 yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gold Fish agro” baliqchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda.

Bu yil ular safiga “Gold Fish agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham qo‘shildi. Qiymati 30 milliard so‘mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan.

Klaster maydoni 43 gektar bo‘lib, shundan 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Sun’iy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki o‘zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sun’iy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sun’iy ko‘llarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanmoqda.

Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o‘zida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar ham bor.

Davlatimiz rahbari baliq yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu tajribani ommalashtirib, aholini ham jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

– Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish deyapmiz, har bir xonadonda daromad manbai yaratishni o‘ylayapmiz. Mana tayyor loyiha. Shunday hovuzlarni yetkazib berib, tartib-qoidasini o‘rgatib, uy sharoitida baliq boqishni ko‘paytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va aylanma mablag‘ bilan ta’minlab, sun’iy hovuzlarni ko‘proq tayyorlash va joylarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu yerda Jizzax viloyatida uzumchilikni rivojlantirishga oid loyihalar taqdimot qilindi.

Hudud tabiati uzumchilik uchun juda qulay. Bundan foydalanib, Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Sharof Rashidov, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bog‘lar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanida uzumchilik klasteri tashkil etib, mahsulotni ko‘paytirish, enoturizmni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Aholiga hosildor navlar berib, uzumini sotib olishni yo‘lga qo‘yish orqali besh ming kishining bandligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.

 

Matnazar ELMURODOV,

Ziyodulla JONIBEKOV,

Avazbek XUDOYQULOV,

O‘zA muxbirlari