Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili B.Uzoqov ochdi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zining boshida xalqimizni O‘zbek tili bayrami kuni bilanmuborakbod etdi.

Prezidentlikka nomzod fuqarolarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Unda iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar ravnaqi, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalarini rivojlantirish masalalari qamrab olingan.

Dasturda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham rejalar belgilangan. Xususan, kelgusi besh yilda viloyatda jami 12 milliard dollarlik 4 mingdan ziyod katta, o‘rta va kichik investitsiya loyihalarini amalga oshirib, 120 mingta ish o‘rni ochish maqsad qilingan.

Bunda, avvalo, “Jizzaxda ishlab chiqaring” g‘oyasi asosida sanoatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Jumladan, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilishi va 800 million dollarlik 90 dan ziyod sanoat loyihalari mo‘ljallangan. Kichik sanoat zonalarini esa 23 tadan 40 taga yetkazib, ularda 201 million dollarlik 375 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shahar va tumanlarda mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika tarmoqlarida ko‘plab korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Bunday ishlar natijasida kelgusi 5 yilda viloyat eksporti hajmini 3 barobardan ziyod oshirib, yillik 620 million dollarga, shundan sanoat mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Nomzod so‘nggi yillarda viloyatda tadbirkorlik ruhi oshgani, bu sohaga imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda 50 mingdan ziyod yoshlar tadbirkorlikka, 28 ming nafari talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish mo‘ljallangan.

Qayd etilganidek, viloyat tabiati ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirish uchun qulay. Bu sohada 300 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, 25 ming ish o‘rinlari yaratiladi. Umuman, kichik biznes va xizmatlar sohasida, “mahallabay” ishlash orqali, viloyatda 100 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Shavkat Mirziyoyev yerdan olinadigan iqtisodiy samarani keskin ko‘paytirish – bu sohadagi islohotlarning asosiy maqsadi bo‘lishini ta’kidladi. Buning uchun 100 ming gektar yerda zamonaviy agrotexnologiya va yangi navlarni joriy etish orqali hosildorlik paxtada o‘rtacha 60 sentnergacha, g‘allada esa 90 sentnergacha olib chiqiladi. 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bog‘lar barpo etiladi. 40 million dollar investitsiya hisobiga, Baxmal va Zominda za’faron plantatsiyalari 2 ming gektarga yetkaziladi. Zomin va Zarbdor tumanlarida yirik chorvachilik kompleksi ishga tushiriladi. Parrandachilik, baliqchilik bo‘yicha ham ko‘plab loyihalar rejalashtirilgan.

Nomzod joylarda turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash, mahallalarni obod qilish borasidagi rejalarini bayon etdi.

Xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 208 ta qishloq va mahalla yaxshilanadi. 875 kilometr ichimlik suvi, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 3 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar quriladi. Kelgusi besh yilda jami 18 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilib, ehtiyojmand oilalar subsidiyalar ajratiladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Jizzax viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 45 trillion so‘m yo‘naltirib, 230 mingga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash, ta’lim muassasalarining qamrovi va sifatini oshirish, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga qaratilgan rejalar ham tanishtirildi.

Uchrashuvda partiya a’zolari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Ular viloyatdagi o‘zgarishlarni qayd etib, o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga so‘z berdi.