Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashabbusi bilan «Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazi» hamkorligida turli loyihalar amalga oshirilmoqda.

«Step to Success in English – Language Teaching Workshop» mavzusida bir qator seminar-treninglar tashkil etildi.

Seminarlarga xalqaro darajadagi TESOL, CELTA sertifikatlarini qo‘lga kiritgan, Angliya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarda tajriba orttirgan va nodavlat ta’lim muassasalarda faoliyat yuritayotgan tajribali trenerlar jalb etildi.

100dan ortiq ingliz tili o‘qituvchilar guruhlarga bo‘lingan holda quyidagi mavzular bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar:

-“Active learning and effective writing in EFL classrooms”

-“Effective listening” – “Implementing integrated skills in EFL lessons”

«Ushbu loyihaning e’tiborli jihati o‘qituvchilar ma’ruzalar tinglashmaydi, aksincha, o‘quvchi sifatida interfaol tarzda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda o‘zlarini erkin his qilishadi. Darslarni qiziqarli va foydali o‘tishga qaratilgan ko‘plab usullarni o‘zlashtirishadi», deydi loyiha treneri Tursungul Utiniyazova.

Shuningdek, marafon doirasida olis hududlarda joylashgan maktablarning 50 nafar chet tili o‘qituvchilari uchun bepul xalqaro IELTS test sinovlari tashkil etildi.

Barcha imtihon materiallari Sambridge Assessment tashkiloti tomonidan tayyorlandi va endilikda natijalar “Prestesting” dasturi doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan baholanadi.

Loyiha davomida “Better you” mavzusida motivatsion va amaliy maslahatlar berish bo‘yicha maxsus seminar ham tashkil etildi.

Tadbirda xorijiy tillarni o‘rganayotgan maktab va oliy o‘quv yurti o‘quvchilari, testlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan chet tili o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Ushbu tadbir xalqaro tajribaga ega, Toshkent shahridagi eng nufuzli va sifatli ta’lim beruvchi muassasalardan biri “RIKS Education” o‘quv markazining katta o‘qituvchisi Ahmad Qodirov o‘zining mualliflik dasturi bilan ishtirok etdi.

Til o‘rganish jarayonida qiyinchiliklarni yengib o‘tish, testga mustaqil tayyorlanish, sifatli resurslardan foydalanish kabi ko‘plab maslahatlar berildi. Faol ishtirokchilarga sovg‘alar taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov ishtirok etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan 17 ta chet tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarning direktorlari uchun agentlikning LLL (Language learning lab) loyihasi haqida to‘liq ma’lumot berdi.

Tadbirda 200 dan ortiq o‘qituvchilar, 100 ga yaqin o‘quvchilar ishtirok etdi.

 

O‘zA