Nukus shahri va Nukus tumani o‘rtasidan oqadigan Qattiag‘ar kanali ustidan o‘tadigan diametri 1020 mm bo‘lgan suv quvuri necha yillardan buyon aholi uchun ko‘prik vazifasini ham bajarib kelayotgan edi.

Nukus-Taxiatosh suv trassasi bo‘lgan mazkur xavfli «ko‘prik»ga endi to‘siqlar qo‘yildi.

– Ushbu «ko‘prik» juda xavfli bo‘lib, kanalda suv ko‘paygan paytlarda qo‘zg‘alib turardi, o‘zim ham talabalik yillari shu quvur ustidan o‘tib o‘qishga qatnadim, – deydi Nukus shahri Samanbay mahallasida istiqomat qiluvchi Allayar Darmenov. – Fuqarolarning bu yerdan o‘tishiga sabab ko‘prikning uzoqligidir. Eng yaqin ko‘prik 1 kilometr uzoqda. Yurishga qiynalgan fuqarolar yaqin yo‘lni tanlab, suv quvurining ustidan o‘tadi.

«Qoraqalpoq suv ta’minoti» MCHJ Axborot xizmatining xabar qilishicha, bu trassa uzoq yillardan buyon aholiga suv ta’minoti maqsadida xizmat qilib kelmoqda. Ushbu tarmoq o‘rnatilgandan buyon bir necha marotaba fuqarolarning o‘tishini man qiluvchi maxsus to‘siqlar qo‘yilgan. Ammo, noma’lum shaxslar tomonidan bir necha nechta marta olib ketilgan. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xavfli «ko‘prik» haqida xabar tarqalgandan so‘ng, «Qoraqalpoq suv ta’minoti» MCHJ tomonidan o‘sha joyga takroran to‘siq qo‘yish ishlari olib borildi. Lekin, temir to‘siqlar qo‘yilayotgan paytda ham fuqarolar undan o‘tmoqchi bo‘lgan.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA