Ayni paytda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda. Nomzod o‘z nutqida Samarqandning milliy davlatchiligimizdagi o‘rni haqida alohida to‘xtaldi.

– Samarqand milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, qadimiy poytaxt maqomiga ega bo‘lgan yirik tarixiy va madaniy markazlarimizdan biri. Bu ko‘hna va betakror shahar O‘zbekiston tarixida, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda alohida o‘rin tutadi.

Jahon ilm-fanida “G‘arbda – Rim, Sharqda – Samarqand” degan ibora bejiz paydo bo‘lmagan.

Ayniqsa, buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz davrida Samarqandning shuhrati butun dunyoga taraldi.

Samarqand zaminida o‘nlab, yuzlab buyuk ajdodlarimiz – mashhur sarkarda va davlat arboblari, alloma va mutafakkir zotlarning qadamjolari  mavjud.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning qabri, ziyoratgohi ham shu yerda.

Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotimizdagi o‘rni va maqomi, ayniqsa, keyingi yillarda o‘sib bormoqda.

Qadimiy poytaxtimiz yirik xalqaro sammitlar, taniqli siyosat, ilm-fan, madaniyat va din arboblari ishtirokidagi ko‘plab ilmiy-madaniy anjumanlarga mezbonlik qilmoqda, dedi jumladan Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA