Nukus shahrida o‘tkazilayotgan II xalqaro baxshichilik san’ati festivali qizg‘in davom etmoqda.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Mo‘ynoqqa safar qildi.

Bir paytlar gullab-yashnagan, keyinchalik esa qurib, biyobonga aylangan Orolbo‘yi hududi endilikda yanada ko‘proq xorijlik mehmonlarning diqqatini o‘ziga jalb etmoqda.

Bepoyon zamini osmon bilan tutashib ketgan Orolbo‘yi hududi qadimiy qal’alarga boyligi, qo‘hna tarixi, sir-sinoatlarga boy afsonayu asotirlari bilan xorijlik sayyohlar mehrini qozongan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytishlaricha, bu cheksiz, sarhadsiz kengliklar insonga qandaydir ijobiy bioenergiya, quvvat berarkan. Nima bo‘lganida ham,bugun Orolbo‘yi hududidan sayyohlarning qadami arimayotgani rost.

– Men videofilmda ko‘rgan tasvirlar bilan bugungi Orolning holatini solishtirib ko‘rishga botinolmadim, – deydi italiyalik Sara Gigante. – Ko‘zlarimga yosh keldi. Dengizning katta qismi o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lmagan. Bugun Orolga ko‘mak qo‘lini uzatishga xalqaro jamiyat shaylangani zamirida ham unga aqalli qandaydir ko‘mak ko‘rsatish maqsadi mujassam.

Safar davomida ishtirokchilar Orol tarixiga oid ekologik muzeyni ham ko‘zdan kechirdilar.

 

N.Usmonova, O‘zA