Ma’lumki, shu yil 24 oktyabrda O‘zbekiston Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Mazkur saylovni milliy qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar asosida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolar, shu jumladan, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylov huquqini to‘la ta’minlash borasida zarur choralar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar doirasida Sankt-Peterburg shahrida joylashgan “PSK”, “RosStroyInvest”, Leningrad viloyatidagi “Gazprom” shirkati qurilish maydonlarida vaqtincha mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz va mazkur kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “PSK”  qurilish maydonida 200 nafarga yaqin, “Gazprom” qurilish maydonida 150 nafar va “RosStroyInvest” qurilish maydonida 80 nafar vatandoshimiz ish bilan ta’minlangan.

Uchrashuvlarda O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi  Bosh konsulxonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Uzbekistan airways” AJning vakolatxonalari faoliyati to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi va yurtdoshlarimizni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Joriy yil oktyabr oyida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida Bosh konsulxonada tashkil etiladigan saylov uchastkasi va unda ovoz berish tartibi tushuntirildi. Shirkatlar rahbariyati bilan yurtdoshlarimizga Prezident saylovida ovoz berishda qulaylik yaratish maqsadida mazkur korxonalar hududlarida muddatidan avval ovoz berish saylov uchastkalarini tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA