Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoatchilik tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida shu yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi.

Hamshiralik bilan faqat o‘rta tibbiy yoki oliy ma’lumotga ega, Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, qolaversa, belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 17 sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra,  o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyati bilan shug‘ullanishga o‘rta tibbiy (hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi) yoki oliy hamshiralik ishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan shaxslarga (hamshira) ruxsat beriladi. Buning uchun hamshira maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tadi.

Hamshiraga ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tadi hamda mustaqil hamshira sifatida faoliyatini boshlaydi.

Mustaqil hamshira axborot dasturida ma’lumotlarni bevosita o‘zi kiritishi yoki tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga kelgan holda axborot dasturida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bunda malaka to‘g‘risidagi sertifikat bo‘lishi talab etiladi, mustaqil hamshira ta’lim tashkilotini tugatganiga 3 yil bo‘lmagan taqdirda ushbu sertifikat talab etilmaydi. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi guvohnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Guvohnoma cheklanmagan muddatga berilib, uni rasmiylashtirishda haq undirilmaydi.

Nizomga ko‘ra, mustaqil hamshiraning shifokor ko‘rsatmasisiz hamda uning tavsiyasi asosida aholiga mustaqil tibbiy maslahat va muolajalarni bajarish bo‘yicha huquqlari belgilandi.

Shuningdek, mustaqil hamshiraga sterilizatsiya qilinishi talab etiladigan tibbiy buyumlardan foydalangan holda aholiga tibbiy muolajalarini bajarishiga, dori vositalari qabul qilishda nojo‘ya ta’sir holatini aniqlash maqsadida qo‘yilgan sinama holatini baholashga ruxsat etilmaydi.

Mustaqil hamshira faoliyatni amalga oshirishdagi harakatlari (harakatsizligi) uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur faoliyat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

 

Muhayyo  Toshqorayeva,

O‘zA