Nukus shahrida o‘tkazilayotgan II «Xalqaro baxshichilik san’ati festivali» doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, taniqli bastakor, teatrning bosh dirijyori Qurbanbay Zaretdinovning «Xalq uchun» operasi namoyish etildi.

Libretto muallifi Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kenesbay Karimov. Bu opera qoraqalpoq xalqining klassik shoiri Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li umrining so‘nggi yillaridagi hayotiga bag‘ishlanadi. O‘z davridagi xalqning og‘ir turmushi, zo‘ravonliklar, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni ta’chirchan voqealar orqali ko‘rsatilgan.

–  Operani tomosha qilib juda ta’sirlandim, – dedi operaga kirgan yoshlarning biri Farhod Yusupov. –  Berdaq qizi Hurlimanga baxshichilik san’atini o‘rgatishi, Hurliman ariyasi orqali ustozidan baxshi fotihasini olishi sahnalari, baxshichilik san’ati, uni o‘rganish, shogirdlarga me’ros qoldirish an’analari xalqimizda azal-azaldan yaxshi saqlanib kelayotganligidan darak beradi.

Operadagi sahnalar tarixiy voqealarga asoslangani bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

 

A.Jiyemuratov,

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri, M.Habibullayev (surat),

O‘zA