Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli kitobi mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot anjumani o‘tkazildi.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Majidov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha universitet prorektori Kamoliddin Mirzaahmedov,  Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi  Erkin Zaxidov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov, O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari va universitet talaba-yoshlari hamda Toshkent shahridagi 12 ta oliy ta’lim muassasasidan vakillar ishtirok etdi.

–Mazkur kitob  kitobxonlarda Yangi O‘zbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotganini, yurtimizni yangi rivojlantirish bosqichiga ko‘tarish uchun  strategik yo‘l to‘g‘risida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi, –deydi universitet rektori I.Majidov. Shuningdek, kitob mazmun-mohiyatidan quyidagilarni anglash mumkin: Yangi O‘zbekistonni barpo etish bu shunchaki, xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatni o‘zida taqozo etayotgan, xalqimizning  asriy orzu -intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir. Islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolari bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib va obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi. Bugun sizlarga targ‘ib etilayotgan mazkur kitobda butun mamlakatimiz strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil fikrlar yuritilgan.

Shuningdek, tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etilib, talaba-yoshlarga batafsil tushunchalar berildi.

 

Jaloliddin Yusupov,  

O‘zMU Fuqarolik jamiyati va huquq  

ta’limi kafedrasi dotsenti v.b.(F.Yahyoyev).