Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro baxshichilik festivali doirasida qatnashchilarning ijrosini baholashga doir xalqaro tanlov bo‘lib o‘tmoqda.

Festival shuni ko‘rsatmoqdaki, yurtimizning olis go‘shalarida ham poytaxtdagidan sira kam bo‘lmagan tarzda yuksak saviyada festivallar, san’at bayramlari tashkil etilayotgani xalqimizni juda quvontirmoqda. Ayni paytda xorijlik mehmonlar mamlakatimizda milliy meros rivojiga ko‘rsatilayotgan katta e’tiborga yana bir karra guvoh bo‘lmoqda.

–- Nukusda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro baxshichilik festivali O‘zbekistonda milliy merosni o‘rganish, targ‘ib etishga arzigulik boy tajriba to‘planganini amalda namoyish etmoqda, –  dedi eronlik folklorshunos tadqiqotchi Ruhilloh Kamoliy.– Bunday muloqotlar baxshichilik sohasini o‘rganayotgan olimlar uchun ham, ijrochilarga ham o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi. Nukusdagi festival tadbirlarini oddiy odamlar ham bemalol kuzatish, san’atdan bahra olish imkoniga ega ekanini juda yuqori baholash mumkin. Umuman olganda, ushbu festival boshqalarga ibrat bo‘lishga arzigulik jihatlari bisyorligi bilan ko‘pchilikda katta taassurot uyg‘otmoqda.

– Dostonlarda xalq ruhi, tarixi, milliy qiyofasi bor, – dedi janubiy koreyalik olim Xyyun Sun Mok.– O‘zbekistonda bu merosni avaylab-asrashga, uning yoshlar o‘rtasidagi targ‘ibotini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Men xalqaro baxshichilik festivali davomida ushbu bebaho san’atga o‘zbekistonlik yoshlarning ham juda qiziqishini kuzatdim.

    Xalqaro festival doirasidagi konsertlar,  

ko‘rgazmalar, taqdimotlar, sayohatlar qizg‘in davom etmoqda.

   N.Usmonova,

    O‘zA