Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbot xizmati xabar beradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda 3ming nafardan ortiq bemor dasturiy gemodializga muhtoj. Surunkali buyrak etishmovchiligining so‘nggi bosqichida bo‘lgan har bir bemor haftasiga kamida 2 marta gemodializ seansini oladi. Bunday bemorlarni davolashning samarali usullaridan biri bu – buyrak transplantasiyasi amaliyoti hisoblanadi.

Yurtimiz tibbiyoti tarixida ilk bor organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalarni amalga oshirish boshlangan bo‘lib, hozirda soha faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Kuni kecha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialida tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev boshchiligidagi RSHTYOIMning bir guruh xodimlari tomonidan bemor B.N.ga buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi.

Asli xorazmlik bemor 1974 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 25 yoshli qizi M.M. unga o‘z buyragini berishga rozilik bildirgan.

Bugun esa 1962 yilda tug‘ilgan B.R.dan 1992 yilda tug‘ilgan qizi Z.R.ga buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi.

Ota surunkali buyrak kasalligining beshinchi (oxirgi) darajasi bilan og‘rigan va 2014 yildan beri doimiy tarzda dasturiy gemodializ muolajalarini olib kelayotgan qizining hayot tarzini yengillatishga qaror qildi.

U hayoti “sun’iy buyrak” apparatidagi muolajalarga bog‘liq bo‘lib qolgan qizining salomatligi jarrohlik amaliyotidan so‘ng ancha yaxshilanishini o‘ylab, ich-ichidan quvonmoqda.

–  Buyrak yetishmovchiligining rivojlanganlik darajasi besh bosqichga bo‘linadi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev. – Xastalik beshinchi daraja – terminal bosqichgacha yetgan bo‘lsa, ya’ni buyrak faoliyati keskin pasayib ketib, organizm talablariga to‘liq javob bera olmay qolsa va jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga monelik qiluvchi omillar bo‘lmasa, buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish zarur.

Umuman olganda, surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichida bemorlar hayotini saqlab qolish uchun buyrakning o‘rnini bosuvchi terapiya amalga oshiriladi. Bu terapiya gemodializ, peritoneal dializ va buyrak transplantatsiyasini o‘z ichiga oladi.

Buyrak transplantatsiyasining qolgan ikkita muolajadan afzalligi shundaki, bemorning umr ko‘rish davomiyligi 1,5-2 barobarga oshadi.

Gemodializda bemor “sun’iy buyrak” apparatiga bog‘liq bo‘lib qoladi, harakatlanishi cheklanadi, hayot sifatlari buziladi.

Bundan tashqari, gemodializ muolajasi ancha qimmat protsedura hisoblanib, dori-darmonlari, dializator apparatlariga sarflanadigan xarajatlardan ko‘ra, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bir necha barobar arzonroq ham bo‘ladi.

 

Mohigul Qosimova,

O‘zA