Joriy yilgi VII Xalqaro armiya o‘yinlari (“ArMI-2021”)da O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari mamlakatimiz uchun misli ko‘rilmagan natijalarni qayd etdi. Bu yilgi bellashuvlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Xitoyni ortda qoldirishga musharraf bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra mamlakatimiz umumjamoa hisobida shohsupaning 2-pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, qizg‘in bahs va munozaralarga boy o‘tgan “Harbiy olimpiada”da yurtimiz himoyachilari 10 ta rekord natijani qayd etishga ham ulgurishdi.

Ana shunday dunyoning nufuzli musobaqasida mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilganlar orasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida harbiy xizmatni o‘tayotgan 9 nafar ofitser va serjantlar “Harbiy ralli”, “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz marshrut”, “Musaffo osmon”, “Merganlar marrasi”, “Qo‘shinlar razvedkasi a’lochilari” va “Xavfsiz muhit” kabi yetti yo‘nalishda ishtirok etib, o‘z xizmat joylariga yetib keldi.

Xalqaro arenada mamlakatimiz uchun yuksak natijani olib kelgan harbiy xizmatchilar Nukus temir yo‘l vokzalida harbiy okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar va yaqinlari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida katta tantana bilan kutib olindi.

Ta’kidlash joizki, 22 avgust kunidan 4 sentyabrga qadar bo‘lib o‘tgan «ArMI-2021» Xalqaro armiya o‘yinlari dunyoning 11 ta davlati hududida o‘tkazildi. Musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi yoki 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilari o‘zaro kuch sinashdi. O‘zbekiston jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdi.

Qatnashuvchi barcha jamoalar tomonidan «ArMI-2021»da jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, ulardan 10 tasi O‘zbekiston hisobiga yozildi. Binobarin, mamlakatimiz hududida o‘tgan «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasida o‘zbekistonliklar 3 ta rekord natijani yangiladi.

Nukusga yetib kelgan “qahramonlar”ni kutib olish marosimida ular sharafiga iliq so‘zlar aytildi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatida o‘rni va nufuzi yanada ortishiga ularning munosib hissa qo‘shganlari, albatta, ulug‘lanishi e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, 11 sentyabr kuni poytaxtimizning “G‘alaba bog‘i” majmuasida VII Xalqaro armiya o‘yinlari ishtirokchilarini sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgan edi. Unda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Xalqaro armiya o‘yinlarida faxrli o‘rinlarni egallagan jamoa a’zolari va musobaqalarda rekordlar qayd etgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘l soati, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Xalqaro armiya o‘yinlarida alohida jonbozlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar muddatidan oldin topshirildi.

 

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati