Nukus shahrida davom etayotgan II «Xalqaro baxshichilik san’ati festivali» doirasida o‘tkazilgan «Orol baliqlaridan 99 tur taom» xalqaro gastronomik tadbiri ham bo‘lib o‘tdi.

Ushbu betakror va o‘ziga xos loyiha ayrimlarning “Orolbo‘yi hududida hali ham baliq bor ekanmi?” qabilidagi kinoyali savoliga juda  munosib tarzda javob bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirda Qoraqalpog‘istonning shahar va tumanlaridan baliq taomlari bo‘yicha mutaxassislar, oshpazlar ishtirok etdi. Taomni mahorat bilan tayyorlash san’ati sohiblari eng pokiza va totli  baliq mahsulotlaridan rang-barang  ovqatlar tayyolashga oid iste’dodini  namoyish etdi.

Nukus shahridagi Qoraqalpoq  davlat san’at muzeyi atrofidagi maydonlar uzra tizilgan o‘tovlar ro‘parasida turli hududlardan kelgan oshpazlarning har biri  qarma, palov, gurtuk, somsa, qovurdoq va boshqa 15-20 tur taom tayyorlab, ko‘pchilikni hayratga soldi.  Ayni paytda bu zavqli, ham maroqli jarayonlar hakamlar tomonidan nazorat qilinib, baholab borildi.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, Mo‘ynoq tumanidan kelgan mohir  oshpaz Gulmira Batirbayeva birinchi o‘ringa munosib topildi. Beruniylik oshpaz Haytbay Qo‘ziyev ikkinchi o‘rinni egalladi. To‘rtko‘llik oshpaz Dilbar Habibullayeva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Nukus shahridagi ochiq teatr oldida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Foliblarga faxriy yorliq, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi. Bu kabi pazandalik festivallari an’analarning naqadar boyligini namoyish etishga xizmat qiladi.

 

A.Jiyemuratov,

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbir