Nukus shahrida g‘oyat ko‘tarinki ruhda boshlangan II xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tabrigi alohida ko‘tarinki ruh, ijodga rag‘bat, izlanishga da’vat bag‘ishladi.

Bu jihatlar san’at bayrami doirasida o‘tkazilayotgan “Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi. Unda folklorshunos, musiqashunos olimlar, baxshilar, tadqiqotchilar, sohaga taalluqli mavzuni yoritib borayotgan jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat ruhida tarbiyalashda ularni ezgulikka chorlovchi, vatanparvar, adolatli, mard, jasur bo‘lishga undovchi dostonlarning va umuman baxshichilik san’atining o‘rni behad katta ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Nukusdagi II xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilariga bayram tabrigida “Xalq og‘zaki ijodiyotining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan baxshichilik san’ati yuksak gumanizm g‘oyalarini, tinchlik va do‘stlik, adolat va haqiqat kabi ezgu fazilatlarni mahorat bilan tarannum etadi. Shu bois ham, baxshi, oqin va jirovlar azaldan xalq qalbining kuychilari, turli millat va elatlarni birlashtiradigan olijanob insonlar sifatida ardoqlab kelinadi”, deb alohida e’tirof etdi. Shu bilan tabrikda e’tirof etilganidek, bolalik qo‘shig‘i, har qaysi milliy madaniyatning hayotbaxsh chashmasi, deb ta’rif berilgan xalq ijodiyoti namunalarini, unga oid qo‘shiqlarni sof va bezavol holatda saqlash, hamisha mag‘rur yangrashini ta’minlash barchaning, ayniqsa ijodkor ziyolilarning nainki vazifasi, balki muqaddas burchi hamdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy merosimizning ushbu bebaho turini asrab-avaylashning yangi rivojlanish bosqichini boshlab berdi.

Mamlakatimizda ushbu noyob san’atni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tegishli “Yo‘l xaritasi” asosida tizimli, izchil amaliy sa’y-harakatlar, ma’rifiy tashabbuslar hayotga keng joriy etilmoqda.

Aytish joizki, yurtimizda istiqlol yillarida «Alpomish» dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulug‘ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi» faxriy unvoni ta’sis etilgani bu boradagi amaliy ishlarning yorqin namunasidir.

bugungi kunda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Doston ijrochiligi” kafedrasi, Termiz shahrida baxshichilik maktabi, Nukus shahrida opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab, respublikamizdagi bolalar musiqa va san’at maktablarida folklor sinflari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Zahmatkash olimlarimiz tomonidan ko‘p tomlik «Qoraqalpoq folklori» to‘plamlari chop etildi. 100 tomlik «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 apreldagi “II xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori baxshichilik rivoji davlatning doimiy e’tiborida ekanini yana bir karra namoyon etdi.

Festival doirasida tashkil etilgan xalqaro anjumanda mamlakatimizda milliy merosning ajralmas qismi sifatida baxshichilik san’ati o‘z rivojlanish bosqichidan og‘ishmay borayotgani, bu nodir san’at hamisha e’tibor va e’zozda ekani alohida e’tirof etildi.

– Baxshilari bor yurt miliy o‘zligini mudom saqlab qoladi, – dedi turkiyalik tadqiqotchi-olim Selami Fedakar. – bugungi globallashuv zamonida xalqlarning o‘z milliy qiyofasini saqlab qolishi g‘oyat muhim menimcha. Bunga esa baxshichilik, xalq ijodiyotining bebaho namunalarini, milliy an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash orqali erishish mumkin. O‘zbekiston o‘z milliy san’atini nainki saqlab, balki ardoqlab, rivojlantirib, yoshlarni ham shu yo‘lga safarbar etib kelayotgan davlat sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Bunga Nukus shahrida katta shodiyonalik bilan o‘tkazilayotgan xalqaro baxshichilik san’ati festivali yorqin misoldir.

“Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri